Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 6,5 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 951,3 ming nafarga yoki 17,2%ga oshgan. Bir oyda esa 763,9 ming nafar turist mamlakatga kelgan.
Tojikiston 1,88 mln nafar sayyoh bilan yetakchilik qilmoqda. Oktabr oyida mamlakatdan 210,9 ming nafar fuqaro turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Qirg‘iziston 1,87 mln nafar turist bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Bir oyda bu mamlakatdan kelgan sayyohlar soni 222 ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Qozog‘istondan bir oyda tashrif buyurgan turistlar soni 138,2 ming nafar, o‘n oyda esa 1,26 mln nafar bo‘lgan.
Shuningdek, o‘tgan davrda Rossiyadan 686,7 ming nafar (oktabr oyida 77 ming nafar), Turkmaniston — 145 ming nafar (24,6 ming nafar), Turkiya — 95,7 ming nafar (11,4 ming nafar) hamda Xitoydan 57,7 ming nafar (7,3 ming nafar) sayyoh kelgan.
Bundan tashqari, yanvar-oktabr oylarida Hindiston (55,9 ming nafar), Janubiy Koreya (36,5 ming nafar), Italiya (36,3 ming nafar) hamda boshqa davlatlardan (366,6 ming nafar) ham turistlar tashrif buyurdi.
Avvalroq O‘zbekistonda mehmonxonalarga bo‘lgan talab rossiyaliklar orasida ikki baravar oshgani ma’lum qilingandi.