Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda chiqindidan qarzi bor iste’molchilar elektr energiyasidan uzila boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi matbuot xizmati bu xabarlar haqiqatga to’g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Hozirda chiqindidan qarzdorligi bor iste’molchilar SMS orqali ogohlantirilmoqda. Undan keyin ham to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar davom etmoqda.
Kompaniya mazkur amaliyot to‘liq ishga tushirilgach, ommaviy axborot vositalari orqali rasmiy xabar berilishini qayd etdi.
Yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.
Bunda, joriy yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” hozirda faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishda davom etmoqda.
Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qilgandi.