“WeFinTech” ayollar kurslari bitiruvchilari uchun “WeGrant” dasturi doirasida mikrograntlarga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi ma’lum qildi.

Grant maqsadi onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish dasturi yordamida amalga oshirilmoqda.

Unda 2023 va 2024-yillarda “WeFinTech” kurslarini tamomlagan hamda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxsga ega bo‘lgan ayollar grant olishlari mumkin. Qo‘llab-quvvatlash miqdori $100dan $500gachani tashkil etadi.

Mablag‘lardan quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:

  • tovarlar xaridi;
  • yangi bozorlarga yoki marketpleyslarga chiqish;
  • raqamli ko‘nikmalarga ega xodimlarni ishga olish yoki ularning malakasini oshirish;
  • raqamli marketing va o‘z tovarlarini tarmoqlarda targ‘ib qilish;
  • elektron tijorat sohasida qo‘shimcha ta’lim olish.

Ariza topshirish uchun contact@fintech-association.com elektron pochta manziliga murojaat qilish yoki havola orqali ariza jo‘natish mumkin.

Arizalar joriy yilning 4-dekabrigacha qabul qilinadi. Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.


Avvalroq AQShda o‘tkaziladigan “TechWomen” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda STEM sohasida ikki yillik tajribaga ega o‘zbekistonlik xotin-qizlar ham ishtirok etishlari mumkin.