Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zalini rekonstruksiya qilish boshlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxt aeroportini rekonstruksiya qilish doirasida qurilish-montaj ishlarining navbatdagi bosqichiga — uchib kelish zalini kengaytirish ishlariga o‘tildi.

Shu sabab, zalning chap tomonidan yo‘lovchilarning chiqishi to‘xtatiladi. Endilikda uchib kelganlar binodan to‘g‘riga qarab chiqishadi.

Qurilish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun vaqtinchalik usti yopiq yo‘lak quriladi. Kutib oluvchilar zali esa odatdagi rejimda ishlaydi.

Loyiha doirasida bino fasadini oldinga surish hisobiga uchib kelish zali maydoni 2 500 kv.metrga oshadi. Hozir uning maydoni — 5 300 kv.metr.

aeroport, rekonstruksiya, toshkent aeroporti, toshkent xalqaro aeroporti, uchib kelish zali

Shuningdek, bu bosqichda ikkita bagaj lentalari o‘rnatiladi va terminal ichida kutib oluvchilar uchun keng maydon yaratiladi.

Rekonstruksiya ishlarini 2025-yilning may oyida yakunlash rejalashtirilgan, shundan so‘ng qurilish ishlarining yakuniy bosqichi boshlanadi.

Yakuniy bosqichda uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish belgilangan. Bu soatiga 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Poytaxt aeroportining uchib kelish va uchib ketish zallarini yagona majmuaga birlashtirish rejalari 2023-yilning yakunida ma’lum qilingandi.

Avvalroq Toshkent aeroportida 2200 kvadrat metr maydonga ega ochiq terrasa paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, ochiq terrasa uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida shaharga qaraydigan qismida joylashadi.