O‘zbekistonda barcha turdagi “zapravka"lar haqida ma’lumot beruvchi “Avto24” mobil ilovasi sinov tarzida ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik hamda “Hududgazta'minot” tomonidan ishlab chiqilgan ilova orqali yoqilg‘i quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish hamda elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalari haqida ma’lumot olish mumkin.
Bunda ilova har bir hududdagi eng yaqin stansiyani topish, ulardagi narxlarni taqqoslash hamda manzil va unga borish vaqtini aniq rejalashtirish imkonini beradi.
Avtomobil egalari hududlardagi barcha yoqilg‘i hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topishlari, mavjud yoqilg‘i narxi va zaxirasi haqida aniq ma’lumot olishlari, elektromobil egalari maxsus quvvatlash punktlarining lokatsiyalarini aniqlashlari mumkin.
Haydovchilar o‘zlariga yaqin shoxobchani izlashda ulardagi qulayliklarni o‘zlari belgilashlari, ya’ni, stansiyalar atrofida nima bo‘lishi kerakligini (masalan, ovqatlanish joyi yoki avto yuvish shoxobchasi kabilar) tanlash orqali izlash imkoni mavjud.
Shuningdek, yoqilg‘i turini tanlash, stansiyalarning ishlash rejimi, ularning ayni paytda ochiq yoki ochiq emasligini ham bilish mumkin. Iste’molchilar ilova orqali o‘zlariga ma’qul manzilning reytingini ko‘tarish, yoqilg‘i sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda iste’molchilar mazkur ilovani Android va iOS operatsion tizimi qurilmalari orqali bepul yuklab olishlari mumkin. Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi.
Joriy yilning aprelida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev “Hududgazta'minot” tasarrufidagi metan “zapravka"lar ishlashi haqida ma’lumot beruvchi mobil ilova ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
Oktabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1-dekabrgacha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati haqida ma’lumot beruvchi mobil ilova ishlab chiqilishini aytgandi.
Bundan oldin “Hududgazta'minot” test rejimida o‘zining “Hudud Gaz Ta’minot” mobil ilovasini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.