O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

19-noyabr kuni Moskvada boshlangan “Transport haftaligi — 2024” tadbiri doirasida transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Rossiya transport vaziri Roman Starovoyt o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikda temir yo‘l infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida vazirliklar o‘rtasida temir yo‘l infratuzilmasini qurish bo‘yicha hamkorlikni tashkil etish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

2023-yilning noyabrida “Rossiya-Kaspiy dengizi-Turkmaniston-O‘zbekiston-Qirg‘iziston” xalqaro multimodal transport koridorini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangandi.

Joriy yilning may oyidagi muzokaralarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagini yaratish loyihasi haqida ta’kidlab, uning yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston hududi yaqinidan yoki uning hududidan o‘tib, mamlakatning okeanga chiqishini ta’minlashini qayd etgandi.