“Autostrada.uz” saytida UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt mexanik uzatmali avtomobilini sotuvdan olganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi.

“UzAuto Motors” kompaniyasi ushbu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, feyk xabar ekanligini ma’lum qiladi.

Qayd etilishicha, “UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt MT” avtomobili ishlab chiqarishdan olinganligi haqida rasmiy xabar bermagan.

Kompaniya media sohasi vakillari va blogerlardan tasdiqlanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlarni tarqatmasliklarini so‘raydi.

Shuningdek, kompaniya OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligiga binoan ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilganligini eslatib o‘tdi.

Kompaniya faoliyati haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni “UzAuto Motors” rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalaridan olish mumkinligini qayd etdi.

Avvalroq “UzAuto Motors” “Onix” va “Tracker"ni foizsiz muddatli to‘lovga xarid qilish taklifi rejalashtirilmagani haqida xabar bergandi.

Kompaniya ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asossiz ekanligi, mazkur ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Shuningdek, “UzAuto Motors” “avtomobillar qabristoni” haqidagi xabarni rad etgandi.

Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, video Andijon viloyatidagi avtosalonlardan biriga avtomobillarni jo‘natish vaqtida suratga olingan.


Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi “UzAuto Motors” va uning dileriga nisbatan ish qo‘zg‘atgani haqida yozgandi.

Fuqaroga tegishli Lacetti L-Stayle MT rusumli avtomobilida yong‘in yuzaga kelishi sabab, kompaniyaga 40ga yaqin bu turdagi avtomobillarni chaqirib olib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish topshirildi.