Kelgusida aholi mablag‘larini uy-joy ta’mirlash va ta’limga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bankning “Iste'mol kayfiyati indeksi"da keltirilgan.

Joriy yilning uchinchi choragida daromad subindeksi oldingi chorakka nisbatan 0,4 foiz bandga yaxshilanib, 70,7 bandga teng bo‘ldi. Respondentlarning kelgusida daromadlari oshishi bo‘yicha kutilmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz ko‘tarildi.

Xususan, daromadlari oshishini kutayotganlar ulushi 0,4 foiz bandga oshib, 64%ni, daromadlari kamayishini kutayotganlar esa 0,5 foiz bandga ko‘payib, 10,5%ni tashkil etdi. Daromadlari o‘zgarmasligini qayd etganlar ulushi 0,9 foiz bandga kamaydi, ular respondentlarning chorak qismini tashkil etdi.

10 mln so‘mdan yuqori daromad oluvchi so‘rovnoma ishtirokchilari qolganlarga nisbatan daromadlari oshishini ko‘proq kutmoqdalar.

iste’mol kayfiyati, kutilmalar, xarajatlar, jamg'arma, daromad, markaziy bank

Umuman, ayrim daromad guruhlarida ijobiy kutilmalar mavjud. Regulyatorning qayd etishicha, bu iste’mol talabini saqlab qolishga xizmat qilishi va xarid qobiliyatini kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, aholining daromadi oshishiga bo‘lgan ishonchi sarmoyaviy faollik va mehnat bozorida ijobiy o‘zgarishlarga turtki bo‘ladi.

Rasmiy ish haqidan daromad oluvchi respondentlar ulushi ikkinchi chorakka nisbatan (67%) kamaydi. Biroq, ijara hamda pul o‘tkazmalari orqali daromad oluvchilarning ulushi ortdi, tadbirkorlik va tomorqa faoliyatidan daromad topuvchilar esa o‘zgarishsiz qolgan.

Turizm, maishiy xizmat hamda OAV sohalarida faoliyat yurituvchi fuqarolar daromadlari oshishini kutishmoqda. Ishlab chiqarish, bank va moliya hamda qurilish sohalari vakillarining kutilmalari past shakllandi.

iste’mol kayfiyati, kutilmalar, xarajatlar, jamg'arma, daromad, markaziy bank

Iste’molchilarning kelgusidagi xarajatlari oshishi bo‘yicha kutilmalari saqlanib qolmoqda. Asosan, 10 mln so‘mdan yuqori daromadga ega bo‘lganlar xarajatlari ko‘payishi mumkinligini kutishmoqda. Xarajatlarining o‘zgarmasligini ta’kidlaganlar 0,9 foiz bandga oshib, 17,3%ni, xarajatlarning kamayishini kutayotganlar esa 6,5%ni tashkil etdi.

Aholi kelgusi chorakda asosiy yirik xarajatlarni uy-joy ta’mirlash, ta’lim hamda avtomobil xaridiga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Ayniqsa, ta’lim yo‘nalishidagi xarajatlar bo‘yicha kutilmalar ikkinchi chorakka nisbatan oshgan — 17%dan 23%ga.

iste’mol kayfiyati, kutilmalar, xarajatlar, jamg'arma, daromad, markaziy bank

Pullarini uy-joy ta’miriga yo‘naltirmoqchi bo‘layotganlar ulushi yuqori shakllanganiga (23%) qaramay, o‘tgan davrga (27%) nisbatan pasaydi. Avtomobil (13%), maishiy texnika (10%), mebel (8%) hamda oilaviy tadbirlar (8%), mebel (8%) uchun xarajatlar ulushi oshdi.

Shu bilan birga, davolanish va to‘y uchun xarajatlar mos ravishda 12%ga, sayohat uchun 9%ga pasaydi, uy xaridi uchun esa kutilmalar o‘zgarishsiz qoldi — 9%. Bu yo‘nalishlarda xarajatlarning ortishi tovar va xizmatlarga bo‘lgan yuqori talabni saqlab qoladi.

Mazkur davrda kredit bo‘yicha aholi kutilmalari pasaydi. Bu esa iqtisodiyotda qarz olish bo‘yicha ma’lum bir ehtiyotkorlik paydo bo‘lganini anglatishi mumkin, deya qayd etiladi Markaziy bank hisobotida. Lekin ajratilgan kreditlar hajmidagi o‘sish kelgusi choraklarda ham aholining kreditga ehtiyoji mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Respondentlarning qariyb 55,6%i kelgusi 12 oyda kreditlari miqdori oshishini kutishmoqda. Talabning kamayishi yoki o‘zgarmasligini bildirganlar ulushi o‘tgan chorakka nisbatan oshdi — mos ravishda 12,9% va 31,5%.

iste’mol kayfiyati, kutilmalar, xarajatlar, jamg'arma, daromad, markaziy bank

Asosan, 5−15 mln so‘m va 20 mln so‘mdan yuqori daromad oluvchi aholi orasida kelgusida kredit olishni rejalashtirayotganlar kamaydi. Xarajatlarini kredit orqali qoplashni rejalashtirgan iste’molchilar soni ham so‘nggi 3 chorakda qisqargan.

Aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi so‘nggi ikki chorakdagi pasayishdan so‘ng biroz yaxshilandi. Jamg‘armalarining oshishini kutayotgan respondentlar ulushi 0,9 bandga oshib, 61,1%ga teng bo‘ldi.

Jamg‘armalarining o‘zgarmasligini hamda kamayishini kutayotganlar ulushi pasaydi. Jamg‘armalari 1−3 oy va 6 oydan ortiqqa yetishini baholaganlar ulushi oshdi, biroq uni 1 oyga yetadi deb hisoblaganlar ulushi biroz kamaygan. Jamg‘armasi yo‘qligini bildirganlar ulushi so‘nggi chorakda deyarli o‘zgarmadi.

Avvalroq “Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida milliy valyutada rasmiylashtirilgan iste’mol va avtokreditlar hajmi ikki barobardan ko‘proq kamaygani ma’lum bo‘lgandi.