Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85%ga yetkazish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Buning uchun 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16ta yirik majmua aksiyalarini IPOga chiqarish talab etiladi. Hukumat $30 mlrdlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerakligi ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasi 2025-yilda “tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni tezlashtirib, ularning xarajatlarini 15−20%ga qisqartirishi zarurligi qayd etildi. $1 mlrdlik 18ta davlat kompaniyasining ulushi berilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish lozimligi aytildi.
Prezident aholi soni ko‘payishi sababli oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lishini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, jumladan meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratib, importni 50%ga qisqartirish bo‘yicha dasturlar mavjudligi ta’kidlandi.
Hukumat bu dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni $5 mingga yetkazish, sohada eksport hajmi $10 mlrddan iborat bo‘lishi, suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 baravarga oshirish bo‘yicha ishni samarali tashkil etishi zarur, deya qayd etdi davlat rahbari.
Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trln so‘m, kanallarni betonlashga 800 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Kelgusi yillarda bog‘chalarda qamrovni 80%ga, oliygohlarda esa kamida 50%ga yetkazish hukumat uchun asosiy vazifa bo‘lib qoladi.
Xalqaro moliya institutlarining $61 mln mablag‘lari hisobidan 2025-yilda 252ta yangi bog‘cha barpo etiladi. 174ta bog‘cha va 379ta maktab ta’mirlanadi va yangidan quriladi. Buning uchun budjetdan 4 trln so‘m ajratiladi. Tadbirkorlarga maktab qurish uchun 20 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Prezident aytilgan dolzarb vazifalarni bajarishda yangi hukumatning Qonunchilik palatasi bilan samarali hamkorlik olib borishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, hukumat oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Avvalroq Abdulla Aripov bosh vazir etib qayta saylangani haqida xabar berilgandi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga ma’qulladilar.