“General Motors” butun dunyo bo‘ylab, asosan AQShda, 1000ga yaqin xodimini ishdan bo‘shatmoqda. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Kompaniya o‘z bayonotida ish o‘rinlari qisqartirilganini tasdiqladi va bu qarorni samaradorlikni oshirish va biznesning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratish zarurligi bilan izohladi.

“Bu raqobatli bozorda g‘alaba qozonish uchun biz tezlik va mukammallik uchun optimallashishimiz kerak. Ushbu doimiy sa’y-harakatlar doirasida biz jamoani biroz qisqartirishni amalga oshirdik” — dedi avtomobil ishlab chiqaruvchisi.

Qayd etilishicha, kompaniya kelgusi yilda elektromobillardan ko‘rilayotgan zararni $2−4 mlrdga qisqartirmoqchi.

Qisqartirishlar Michigan shtatining Uorren shahridagi “GM” texnik markazining 507 nafar xodimiga ta’sir ko‘rsatadi.

Avgust oyida “GM” o‘z dasturiy ta’minot bo‘limining 1000dan ortiq xodimini jamoani optimallashtirish ustida ishlagani uchun ishdan bo‘shatgandi.

Shuningdek, kompaniya sentabr oyida Kanzasdagi ishlab chiqarish zavodida 1700ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatdi.

Sentabr oyida “General Motors” AQShdagi 449 mingdan ortiq pikap va yo‘ltanlamaslarini qaytarib olishi haqida e’lon qildi.

Tormoz suyuqligining kamligi haqida ogohlantirish tizimi ishlamay qolgani sababli chaqiruvga 450 mingga yaqin 2023-yilgi “Chevrolet Silverado 1500”, “GMC Sierra 1500”, 2023−2024 yilgi “Chevrolet Tahoe”, “Suburban”, “GMC Yukon”, “Yukon XL”, “Cadillac Escalade” va “Escalade ESV” modellari kiradi.

Ushbu modellarda tormoz suyuqligi yo‘qolganida, elektron tormoz boshqaruv moduli dasturiy ta’minotida ogohlantirish chirog‘i ishlamasligi mumkin.

Dilerlar elektron tormoz boshqaruv moduli dasturiy ta’minotini tuzatuvchi masofaviy yangilanish bilan muammoni hal qiladilar.


Avvalroq “Spot” “Bosch” iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida yozgandi.

Kompaniya bosh direktorining ma’lum qilishicha, 2024-yilda sotuv hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan biroz pastroq bo‘lishi kutilmoqda.