Shveysariyaning “UBS Group” investitsiya banki tahlilchilarining prognozlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib oltinning bir troya unsiyasi $2900ga yetadi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Ularning fikricha, bu geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va investorlarning qimmatbaho metallga qiziqishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Kelgusi ikki yil ichida oltin narxining oshishi AQSh Kongressida Respublikachilar partiyasining ustunligini, investorlarning sarmoyalarni diversifikatsiya qilishga bo‘lgan yuqori qiziqishini va global noaniqlikning yuqori darajasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, makroiqtisodiy o‘zgaruvchanlik va geosiyosiy xatarlar fonida markaziy banklarning xaridlari va oltinga strategik investitsiyalar qimmatbaho metall narxiga ta’sir qiladi.
Buning natijasida “UBS” tahlilchilari 2026-yil oxiriga kelib oltin unsiyasi $2950gacha qimmatlashishini kutmoqda.
2024-yil boshidan beri oltinning spot narxi 28%ga oshdi, deb yozadi “Bloomberg”. Bunga markaziy banklarning xaridlari, AQSH Federal zaxira tizimining pul-kredit siyosatining yumshashi, Yevropa va Yaqin Sharqdagi keskinlik, xususan, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy maxsus operatsiyasi sabab bo‘ldi.
“Goldman Sachs” tahlilchilari, o‘z navbatida, oltin narxining keyingi yil oxirigacha $3000gacha qimmatlashishini bashorat qilmoqda.
Shuningdek, ular bunga markaziy banklarning xaridlari va Federal zaxira tizimi foiz stavkalarining pasayishi ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda.
Bundan tashqari, “Goldman Sachs” Trampning Xitoydan tovarlar importiga 60%lik boj joriy etish rejasi oltinni spekulyativ sotib olishga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord ko‘rsatkichga — $43,14 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Buning asosiy sababi oltin zaxiralarining davom etayotgan o‘sishi bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘z navbatida, uning qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $33,36 mlrd yoki o‘tgan oyga nisbatan $1,5 mlrdga ko‘p.