20-noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zlamoqda.

Asosiy masalaga o‘tishdan oldin prezident o‘tgan 5 yilda qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday ta’minlanganiga to‘xtaldi. O‘zbekiston iqtisodiyoti ikki karra o‘sib, $100 mlrddan oshdi. Aholi jon boshiga daromad $3 mingga yetishi kutilmoqda. Jahon banki 2024-yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan 3ta davlat qatoriga kiritdi.

Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23%dan 11%ga tushdi. Bu yil 9%ga tushishi kutilmoqda. Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor $25 mlrddan, oltin-valyuta zaxiralari esa $40 mlrddan oshdi.

Shuningdek,o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 mlnta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi. YIMda investitsiyalar ulushi 30% darajasida ta’minlandi.

Kelgusi 5 yilda aholi soni 40 mlndan ortishi kutilmoqda. Bunday demografik o‘sish yangi imkoniyat bilan birga, yangi vazifalarni qo‘yishi qayd etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suvi ta’minoti, aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi muammolarga samarali yechimlar topib, yangicha faoliyat olib borish hukumat uchun jiddiy sinov bo‘lishi ta’kidlandi.

Bosh vazir lavozimiga tavsiya etiladigan nomzod ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘z dasturini taqdim etishi kerakligi qayd etildi.

Joriy yilda YIM hajmi $110 mlrdga yetishi kutilmoqda. Prezident yangi hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotdagi o‘zgarishlarni davom ettirsa, 2030-yilga borib, iqtisodiyot hajmini $200 mlrdga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Hukumat faoliyatining muhim yo‘nalishlari belgilab berildi. Uning asosiy yo‘nalishi makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6−7% atrofida ta’minlash hisoblanadi. Bunda inflyatsiya darajasi 5−6%, budjet taqchilligi 3% doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini $30 mlrdga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.

Bu davrda hukumat kamida $100 mlrdlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini $45 mlrdga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50%ga yetkazishga erishishi lozimligi ta’kidlandi.

Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 mln nafarga, turizm xizmatlari eksportini $5 mlrdga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish"da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozimligi aytildi. Kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60%ga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.

Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga mamlakatning a’zo bo‘lib kirishi ta’kidlandi.

Avvalroq prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qilgandi.