Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Prezident so‘zining davomida O‘zbekiston ham dunyodagi ko‘plab mamlakatlar ham iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini his qilayotganini qayd etdi.
Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Buning oldini olish maqsadida mamlakatda 2021-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston BMT tomonidan qabul qilingan ikkita rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanayotgani qayd etildi.
Aholi fikr-mulohazalari, xohish-istaklari, bildirilgan tavsiyalar asosida atrof-muhit borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun prezident 2025-yilni mamlakatda “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Tashabbus yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.
Ushbu dasturda quyidagi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi:
- “yashil” texnologiyalarni joriy etish;
- suvni tejash;
- ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish;
- Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish;
- chiqindilar muammosini hal qilish;
- aholi salomatligini mustahkamlash va boshqalar.
Prezident uch kun davomida deputatlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalar, maqsad va vazifalarni Oliy Majlis va xalqqa qilingan navbatdagi Murojaatnoma sifatida qabul qilish mumkinligini qayd etdi.
Avvalroq YTTB O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishiga $200 mln ajratishi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, bank mamlakatga adolatli energiyaga o‘tish uchun $400 ming yo‘naltiradi.