Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda prezident mamlakatni rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlar doirasini kengaytirish, qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi. Kelgusi yili mamlakatda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi buning amaliy qadami ekani qayd etildi.

Shuningdek, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.

Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olish va “Bir tur — butun mintaqa” tamoyili asosida ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqishni taklif qilgandi.

Undan keyin, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov O‘zbekiston va Qozog‘iston ID-karta taqdim etgan holda chegarani kesib o‘tish tartibini joriy etishni muhokama qilayotganini qayd etgandi.

2023-yilning sentabridan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yildi.