Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda davlat rahbari 2025-yilda 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish hukumat iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanishini ma’lum qildi.
Buning uchun kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishiga 500 mlrd so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturiga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trln so‘m mablag‘ sarflanadi. Hukumat 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro e’tirof etilgan daraja — 5−6%dan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi ta’kidlandi.
Prezident iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini qayd etdi.
Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda 300dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va to‘liq quvvatlar bilan ishlashini ta’minlashi zarurligi bildirildi. “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi.
Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi. Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini ikki karra oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,8%ga kamaygani haqida xabar berilgandi. Yil boshidan ishsiz aholi soni 148 ming nafarga kamayib, 876 ming nafarni tashkil etmoqda.