Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Prezident mamlakat yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Bu yangi davrda oldingi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi.
“Shu bois Hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, Bosh vazir zarur”, — dedi davlat rahbari.
Davlat rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.
Abdulla Aripov tashkilotchilik salohiyatiga, ijro hokimiyati tizimida bilim va tajribaga ega, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani ta’kidlandi.
Nomzod hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari harakat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqdilar.
Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi. Deputatlar va fraksiyalar rahbarlari so‘zga chiqib, nomzod va dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Nomzod va hukumatning dasturi ko‘rib chiqilgach, bosh vazir lavozimiga nomzodni ma’qullash masalasi ovoz berishga qo‘yildi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga ma’qulladilar.
Abdulla Aripov kim?
Abdulla Aripov 1961-yilda tug‘ilgan. 2016-yilning dekabr oyida O‘zbekiston hukumatiga rahbar bo‘lgan. 2002-yilning mayidan 2012-yilning avgustigacha bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Bunga parallel ravishda 2005−2009-yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.
2016-yilning sentabr oyida mamlakatga yangi prezident saylanganidan keyin Abdulla Aripov hukumatga bosh vazir o‘rinbosari va Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari sifatida qaytdi.
2019−2020-yillardagi deputatlik saylovlaridan so‘ng Aripov yana bosh vazir etib tasdiqlangandi.