JICA O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyaga ishga jalb qilishga ko‘maklashadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vakillari (JICA) ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar o‘tgan yilning iyulida imzolangan JICAning mamlakat bandlik imkoniyatlari asosida O‘zbekistonning sanoat sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish loyihasini joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Fuqarolarni Yaponiyaga ishga jalb qilishga ko‘maklashish, ularni maqsadli tayyorlashda hamkorlik qilishga kelishildi. Bunda aholi maxsus malakali ishchi va texnik stajorlik dasturi asosida qurilish, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Noyabr oyi boshida JICA tomonidan muhandis kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, sanoat texnoparkini tashkil etish hamda aholini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish bo‘yicha “Bir hudud — bir mahsulot” dasturini ishga tushirishda yangi loyihalar ishlab chiqish dasturi qabul qilingandi.
Oktabr oyida prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etildi. Endi migrantlarga ikki yilgacha muddatga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.
Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. “Xorijga ish — mahalladan” tizimi asosida 125 mingdan ortiq fuqaroning tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi.