O‘zbekiston Quvayt bilan sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
21-noyabr kuni Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Quvayt hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash, asosan, oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari va xizmatlar yetkazib berish hajmining ko‘payishi hisobiga 5 barobardan ortiq oshdi. O‘zbekistonda Quvayt kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 7tani tashkil etadi.
Vazir Laziz Qudratov hamkorlikni rivojlanish uchun ikki mamlakat bozorlarini tahlil qilish asosida tovar ayirboshlashni oshirish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash kerakligini qayd etdi
Shuningdek, amalga oshirilishi muhim bo‘lgan ishlar qatorida elektron tijorat sohasida hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlarni bartaraf etish va “Made in Uzbekistan” hamda “Made in Kuwait” ko‘rgazmalarini o‘tkazish bor.
Quvayt kompaniyalari uchun O‘zbekistondagi EIZlarda soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar, xomashyo va kommunal xizmatlardan foydalanishi mumkinligi, O‘zbekiston kompaniyalari ham Quvayt EIZlarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli tajriba va imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlandi.
Quvayt davlat iqtisodiyot va investitsiyalar vaziri Nura Sulaymon Al-Fassam O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti va investorlar huquqlarining himoya qilinishi Quvayt ishbilarmonlarining ishonchini oshirishga asos bo‘layotganini qayd etdi. Vazir kompaniyalarni mamlakatga jalb etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot davomida yaqin kelajakda sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, bank-moliya sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Quvayt kompaniyalarining O‘zbekistonning xususiylashtirish dasturidagi ishtirokini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma pozitsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida Savdoni osonlashtirish to‘g‘risidagi memorandum hamda O‘zbekiston-Quvayt hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi bayonnomasini imzolandi.
Oktabr oyi oxirida O‘zbekiston va Quvayt faqat bitta aviakompaniya parvoziga qo‘yilgan cheklovni bekor qilgandi. Tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida haftalik aviaqatnovlar sonini 14taga yetkazishni rejalashtirmoqda.