Dubayda rekord darajadagi 300 kilogramm og‘irlikdagi oltin quyma ishlab chiqarildi, deya xabar berdi “Dubai Media Office”.

“Emirates Minting Factory” tomonidan ishlab chiqarilgan quymaning taqdimoti “Dubai Metals Conference 2024” konferensiyasining yopilish marosimida bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, mazkur marosimda u “Ginnesning rekordlar kitobi"ga tarixdagi eng katta oltin quyma sifatida kiritildi.

“Emirates Minting Factory og‘irligi 300 kilogrammdan ortiq bo‘lgan eng katta oltin quyma ishlab chiqarib, Dubay uchun yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Ushbu yutuq munosabati bilan Dubaydagi qimmatbaho metallar bo‘yicha konferensiyaning yopilish marosimida Ginnesning rekordlar kitobi sertifikati topshirildi,” — deyiladi Dubay hukumati matbuot xizmatining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan xabarda.

Emirates Minting Factory Dubaydagi (BAA) Al-Quz sanoat zonasida joylashgan affinaj zavodiga egalik qiladi. Korxona qimmatbaho metallarni tozalash bilan shug‘ullanadi va har kuni 1000 kilogrammdan 1200 kilogrammgacha oltin va kumushni qayta ishlash va eritish quvvatiga ega.


Avvalroq “Spot” Dubayda oltin banknota muomalaga chiqarilgani haqida yozgandi.

Banknot 0,1 gramm 24 karatlik oltindan iborat qog‘ozdan tayyorlangan bo‘lib, lekin to‘lov vositasi hisoblanmaydi.