Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov issiqxonalarda gaz o‘rniga o‘tin yoqilayotganiga oid holatlarga e’tibor qaratgandi.
Undan keyin, Energetika vazirligi matbuot xizmati mamlakatdagi issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emasligini ma’lum qildi.
“Ya'ni, issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib, tabiiy gazdan foydalanishlari mumkin”, deyiladi xabarda.
Sentabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan kuz-qish mavsumida oktabr, noyabr va dekabr oylarida issiqxonalarga yetkaziladigan gaz uchun oldindan to‘lovning 50%ini amalga oshirishga ruxsat berildi. Qolgan qismini oy yakunigacha to‘lash mumkin. Keyingi oylardan esa to‘liq to‘lash va qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.
Toshkent hokimligi issiqxonalar va poytaxtga tutash hududlardagi boshqa obyektlarda ekologik reydlar o‘tkazgandi. Ekologik me’yorlarning buzilishi aniqlansa, faoliyatni vaqtincha to‘xtatishgacha bo‘lgan “hal qiluvchi choralar” ko‘riladi.
Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Rejaga Yevro-4 dan past standartlardagi benzin va dizel yoqilg‘isidan voz kechish bilan bir qatorda, issiqxonalar uchun filtrlarni o‘rnatish uchun subsidiyalar, shuningdek, poytaxtda isitish uchun mazutdan foydalanishni taqiqlash kiradi.