Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.
Bunda tahlil olx.uz platformasidan olingan ma’lumotlar asosida amalga oshirilgan bo‘lib, ijara narxi uchun 740 ming va sotuv narxi uchun 1,500 mingga yaqin ma’lumotlardan foydalanilgan.
Xususan, poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi joriy yilning fevral oyidagi o‘rtacha 32,4%dan oktabrda 12,2%gacha tushdi.
Ko‘rsatkich uylar joylashgan hudud va ularning xonalari sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanida 1 xonali uy-joylarning investitsion daromadliligi 2,3%ni (fevralda 25,7% bo‘lgan), Shayxontohur tumanida esa 17%ni (50%) tashkil etgan.
Shuningdek, 2 xonali uy-joylar uchun Sergelida 7,4% (19,4%), Shayxontohurda 17,2% (59%), 3 xonali uylar uchun Bektemirda 3,2% (33,7%), Yunusobodda 13,7% (48,7%) hamda 4 xonali uylar uchun Bektemirda 2% (37,9%), Yunusobodda 17%gacha (39,8%) pasaygan.
Narxlar o‘zgarishidan olinadigan daromad
2024-yilning fevralida poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lgan hudud — Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari ko‘tarilishi hisobiga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan foyda o‘rtacha 35,8%ni tashkil etgan bo‘lsa, oktabr oyida bu 5,5%gacha tushdi.
Shuningdek, oktabrda narxlar o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Mirobod (23,2%dan 1,9%ga) va Yakkasaroy (16,1%dan 3,5%ga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.
Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik mos ravishda -2,6% (fevral oyida — 24,6%) va -2,4%ni (15%) tashkil etgan. Bunga mazkur hududlarda uy-joy narxlarining o‘sishdan deyarli to‘xtashi yoki biroz arzonlashishi sabab bo‘lgan.
Ijaradan olinadigan daromad
Oktabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Shayxontohurda 10% (fevralda — 11,6%), Mirobodda 9,8% (10,4%), Yakkasaroyda 9,5%ni (10,5%) tashkil etgan. Bu narxlar nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar — Sergelida 9,3% (8,4%), Uchtepada 9,7% (8,6%), Chilonzorda 9,3% (9,3%) va Olmazorda 9,1%ni (9,4%) ko‘rsatgan.
MHTIning qayd etishicha bu orqali ijaradan keladigan o‘rtacha daromad o‘sishi sekinlashganini ko‘rish mumkin. Taqqoslash uchun 2023-yil yanvaridan 2024-yil sentabrigacha jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21%ni tashkil etgan.
Daromadlilik darajasi bo‘yicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi. Fevralda bunday xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6% va 30,8%ni tashkil etgan bo‘lsa, oktabrga kelib ko‘rsatkichlar 16,7% va 12,2%ga pasaydi.
Shuningdek, mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada tushgan — mos ravishda 10,1% va 9,9%ga. Yil boshida ularning daromadliligi mos ravishda 33% hamda 30,3% bo‘lgan.
Institut uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish orqali aholi jamg‘armalarini saqlash hamda milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya kiritish mumkinligini ta’kidlaydi.
Avvalroq Toshkentda uy-joy ijara narxlarining oshishi sekinlashgani haqida xabar berilgandi. Oktabr oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan uylar ijarasi 1,3%ga hamda to‘liq ta’mirlanganlari 0,2%ga qimmatlashgan.
Bundan tashqari, o‘tgan oyda mamlakat ikkilamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha $1100ni tashkil etdi.