Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati “Lotte City Hotel Tashkent Palace” hamda “International” mehmonxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

“Lotte” mehmonxonasi ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish jarayoni 2022-yilning oktabrida, “International” mehmonxonasini xususiylashtirish esa 2024-yilning may oyida boshlangan.

“Lotte City Hotel Tashkent Palace”

“KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasi “Lotte” mehmonxonasini sotish bo‘yicha konsultant, “Deloitte” kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb qilingan.

Aktivni sotib olishga MDH, Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlaridan 15 nafar xalqaro hamda mahalliy investor qiziqish bildirgan. Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar (NBO) taqdim qilgan 9 nafar talabgor yakuniy bosqichda ishtirok etishga taklif qilindi. 3 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) taqdim qilingan.

Natijada, boshqa talabgorlarning tijorat taklifidan yuqori narx taklif qilgan “Alfa Invest Sug‘urta kompaniyasi” g‘olib deb topildi. Kompaniya aktiv uchun baholangan qiymatdan yuqori narx — $20 mln taklif qilgan.

Investor mehmonxona tashqi ko‘rinishining arxitektura qiyofasi asosida qurilish-ta'mirlash va rekonstruksiya ishlarini kelishilgan holda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy talabni qabul qilgan.

“Alfa Invest Sug‘urta kompaniyasi” 2003-yilda tashkil etilgan. Kompaniya umumiy sug‘urta sohasidagi ixtiyoriy va majburiy sug‘urta bo‘yicha xizmatlarni amalga oshiradi.

“International”

"International" mehmonxonasining davlat kapitalini sotish jarayonida “Deloitte” kompaniyasi konsultant, “Ernst & Young” kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb qilingan.

Aktivni xususiylashtirishga Arab, Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridan 6 nafar xalqaro hamda mahalliy investorlar qiziqish bildirdi. 4 nafar talabgor jarayonning yakuniy bosqichida ishtirok etish uchun taklif etildi. 3 nafar talabgor esa Majburiyatga ega takliflarni (BO) taqdim etdi.

Natijada, “International” mehmonxonasini sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Smart Fast Stroy” $26 mln taklif bilan savdo g‘olibi deb topildi. Bu narx baholangan qiymatdan sezilarli yuqori

Investor “InterHotel"dagi 100% davlat ulushini sotib olish bilan birga kompaniyaning tegishli bank oldidagi 14,7 mln yevro miqdoridagi kredit qarzdorligini ham qabul qilgan. Bitim doirasida $41 mlndan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

“Smart Fast Stroy” 2023-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning ustav fondi 500 mln so‘mni tashkil etadi va uning yagona ta’sischisi Muhiddinov Muhiddin Usmon o‘g‘li hisoblanadi. Kompaniya qurilish tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va QQS to‘lovchisi hisoblanmaydi.

Har ikkita mehmonxona uchun taklif etilgan narx ularning sotilishi mumkin bo‘lgan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgan. Xususiylashtirish natijalari davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.