Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqandda aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, $4,1 mlrdlik 120ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan.
Kelgusi yilda viloyatda hududiy dasturlar doirasida kamida $1,85 mlrd investitsiyalarni o‘zlashtirish, 20 ming ish o‘rni yaratish va qo‘shimcha 1,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.
Masalan, Pastdarg‘om tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.
Yoki Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilsa, $30 mlnlik loyihalarga joy bo‘ladi. Darg‘om kanali bo‘yida 35 km.lik turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish kerakligi qayd etildi. Masalan, Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.
Bulung‘ur tumanidagi 6 ming gektar samarasi kam g‘alla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad $10 mingdan oshishi, 45 ming odam ishli bo‘lishi ta’kidlandi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qo‘shimcha $52 mln eksport tushumi ta’minlanadi.
Ishtixon, Urgut, Payariq va Qo‘shrabotda 35 ming gektarda uzum yetishtirilishiga qaramay, serdaromad navlarni ekish, kasallikka qarshi kurashish, yangicha agrotexnik tadbirlarga ko‘nikma yetishmagani uchun hosildorlik past ekani qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, Ishtixonda Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy institutini tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda “in-vitro” usulida ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilib, uzumning “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlik qo‘shimcha 25−30 sentnerga, eksport $20 mlnga oshadi.
Shuningdek, Qo‘shrabot, Ishtixon, Nurobod, Pastdarg‘om, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin. Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, viloyatda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qaror kiritish vazifasini qo‘ydi. Loyihalarni master-reja asosida joylashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari va yangi uy-joylar tashkil etib, aholi farovonligini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Bundan oldin prezident Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.