Toshkent hokimligi va Xitoyning “China State Construction Engineering Corporation” (CSCEC) qurilish korporatsiyasi deyarli $1 mlrdlik loyihalar bo‘yicha kelishib oldi, deya xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va “Tashkent Invest” kompaniyasi vakillari bo‘linma bosh direktori Lyu Dun bilan uchrashdi.

Muzokaralar yakunida umumiy qiymati $999 mln bo‘lgan to‘rtta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Loyihalarga asosiy hissa “CSCEC” va investorlar mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.

Qiymati $300 mln bo‘lgan birinchi loyiha doirasida Toshkent shahrining yo‘l infratuzilmasi rekonstruksiya qilinadi. Yo‘llar va tegishli obyektlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, 200dan ortiq mutaxassislarni, shu jumladan geodezist va transport muhandislarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Ikkinchi loyiha — yo‘l qurilishi sohasida arxitektor, loyihachi va muhandislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish. Yangi korxona 20dan ortiq ish o‘rnini ta’minlaydi.

Uchinchi loyiha ko‘priklarni loyihalashtirish va qurishga qaratilgan. $259 mlnlik shartnoma tirbandlikni kamaytirish va transport infratuzilmasini yaxshilash uchun zamonaviy ko‘priklarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Buning natijasida 160ta ish o‘rni yaratiladi.

To‘rtinchi loyiha — qiymati $440 mln bo‘lgan zamonaviy turar-joy majmuasini qurish. Majmua turar joy binolari, biznes markazlari, ta’lim muassasalari va savdo zonalarini o‘z ichiga oladi.

Uy-joy majmuasining joylashuvi va yo‘llarni rekonstruksiya qilish va ko‘priklar qurish rejalashtirilgan uchastkalari tafsilotlari aniqlashtirilmagan.


Avvalroq “Spot” Toshkent shahar hokimligi pulli parkovkalar tashkil etish uchun auksion o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Arizalar 25-noyabrgacha qabul qilinadi. Boshlang‘ich ijara stavkasi yiliga 57,2 mlrd so‘mni tashkil qiladi.