“Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning oktabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan “Umra” tadbirlarini tashkil etish uchun kompaniiyalar yangi tartibda litsenziya olishlari kerak. Ilgari amalda bo‘lgan litsenziyalar 5-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotgan. Ularni berish esa qat’i tanlov asosida amalga oshiriladi.

Xususan, yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijasida komissiya qaroriga muvofiq jami 12ta talabgor g‘olib deb topildi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p litsenziya Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi oltita, jumladan, “Hikmat Umra Travel”, “Real Dreams”, “Travel With Family”, “Sofa Marva Tour”, “B2 Management” hamda “Safar Time Exclusive” kompaniyalariga berildi.

Undan keyingi o‘rinda Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi uchta — “Muhtasham Travel”, “Musaffo turizm xizmati” hamda “Risola Travel Lux” turoperatorlariga litsenziya taqdim etildi.

Shuningdek, Andijon (“Ihlos travel 1”), Farg‘ona (“Yuksak travel Air”) hamda Xorazm (“Xorazm umra jamiyati”) viloyatlaridan bittadan tur kompaniya tanlov g‘olibi bo‘ldi.

Mazkur kompaniyalarning litsenziyada ko‘rsatilmagan manzil bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishlari ta’qiqlanadi. Shuningdek, bu bo‘yicha huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdori BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) ni tashkil etadi.

O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish

Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, endilikda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerak bo‘ladi.

Xususan, ular quyidagi talablarni bajarishlari kerak:

  • ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni tayinlash;
  • diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida 1 nafar mutaxassisning mavjudligi;
  • voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
  • $1 mlnni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira sifatida qo‘yish (oldin $100 ming edi);
  • o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
  • ziyoratchilarni toifasi 3yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
  • “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
  • xizmarlarni litsenziyadagi manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali ko‘rsatish.

“Spot” litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.