O‘zbekiston fond bozori IT-infratuzilmasining “Bloomberg” moliyaviy-iqtisodiy axborot agentligi platformasi bilan integratsiyasi yakunlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning texnik ijrochisi — “Qimmatli qog‘ozlar bozori axborot-resurs markazi”. Integratsiya “Toshkent” Respublika fond birjasida sotiladigan aksiyalar va obligatsiyalar bozorining ma’lumotlarini dunyo bo‘ylab “Bloomberg” terminali foydalanuvchilari uchun mavjud qiladi.

Shu bilan birga, bozor ma’lumotlarini, jumladan kotirovkalar, buyurtmalar kitoblari va boshqa asosiy ko‘rsatkichlarni kengaytirish hamda yangi axborot bloklarini qo‘shish imkoniyati bilan real vaqt rejimida uzatish mumkin.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak integratsiya xalqaro investorlarga muhim ma’lumotlardan ishonchli foydalanish imkonini berishini, mavjud to‘siqlarni yengish, mamlakatda dinamik, barqaror va shaffof kapital bozorini yaratishga xizmat qilishini qayd etdi.

“Toshkent” RFB boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili esa “Bloomberg” terminali orqali bozor ma’lumotlarini taqdim etish O‘zbekistonning jahon moliyaviy ekotizimiga integratsiyalashuvi yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini ta’kidladi.

“Qimmatli qog‘ozlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarning global platformada mavjudligi mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilishiga ishonamiz”, — dedi u.

Agentlikning qayd etishicha, yangi infratuzilma quyidagilarni ta’minlaydi:

  • qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalar uchun kotirovka hamda buyurtma kitoblariga to‘liq kirish;
  • yangi moliyaviy vositalar va ma’lumotlarni qo‘shish uchun masshtablashtirish;
  • xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlovchi shaffof boshqaruv mexanizmlari.

Shuningdek, ILMA loyiha O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy markazga aylantirishdagi ishlarning bir qismi ekanligini, xorijlik investorlar real vaqt rejimida olingan ishonchli ma’lumotlar asososida qaror qabul qilishlari mumkinligini ta’kidladi.

Avvalroq YTB “Toshkent” RFBda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, bank milliy va xorijiy valyutada mahalliy obligatsiyalarga investitsiya kiritmoqchi.