Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “K.E.” MCHJ mas’ul shaxslari umumiy ovqatlanish shoxobchasi va bilyard o‘yini xonasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr energiyasi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 1,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Marhamat tumani bo‘limi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali xodimlari hamkorligida ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, fuqaro I.I. va boshqalar “Konchilar” MFY hududidagi issiqxonada umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgan.

Buning natijasida esa jami 539,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Qoraqalpog‘istonda 1,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, To‘rtko‘l tumanidagi oshxona elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulanib olgani aniqlangan.