O‘zbekiston o‘n oyda gaz importini sezilarli darajada oshirdi. Bu haqda “Spot” o‘rgangan Statistika agentligi ma’lumotida keltirilgan.

Yanvar-oktabr oylarida Turkmaniston va Rossiyadan ko‘k yoqilg‘i importi 2,4 baravarga — $1,36 mlrdga oshdi. Oylik tabiiy gaz yetkazib berish $86,7 mlnni tashkil etdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqillik tarixida birinchi marta gaz eksportchisidan importchiga aylandi.

O‘tgan oyda Xitoyga gaz eksporti sentabr oyiga nisbatan sekinlashdi — $70,1 mlndan $60,9 mlngacha. Yil boshidan buyon mamlakatga gaz yetkazib berish $540,4 mlnni tashkil etdi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish — 17,9%).

Biroq, Statistika agentligi ma’lumotlari Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlaridan biroz farq qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yil boshidan buyon $587,9 mlnlik gaz eksport qilgan, bu 2023-yilning xuddi shu davriga nisbatan 25%ga ko‘pdir.

Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi sentabrdagi rekord daraja — $97,4 mlndan oktabr oyiga kelib $88,93 mlngacha qisqarganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, bu 2023-yildagi mos davr bilan taqqoslaganda 2,09 barobarga ko‘p.

Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilikni yil boshidan beri $8,07 mlrdlik ko‘k yoqilg‘i yetkazgan Turkmaniston egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda Rossiya joylashgan, mamlakat gaz eksportini chorak qismga — $6,66 mlrdgacha oshirdi. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston ($1,17 mlrd) va Myanma ($1,15 mlrd) egalladi.

Avvalroq “Spot” “Hududgazta'minot” gaz nazorati va to‘lovi uchun ilova ishlab chiqargani haqida xabar bergandi.