AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga “Gazprombank” va yana 50dan ortiq Rossiya banklarini kiritdi. Bu haqda AQSh Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) xabar berdi.

Sanksiyalar Rossiya moliya institutlarini va ta’kidlanganidek, “Rossiya harbiy mashinasini” zaiflashtirishga qaratilgan.

2022-yildan beri gaz uchun rublda hisob-kitoblarni amalga oshirib kelayotgan “Gazprombank” ilk bor Amerika tomonidan qattiq cheklovlarga uchradi. Ilgari sanksiyalar ro‘yxatiga faqat bankning top-menejerlari kiritilgan edi, bu esa uning asosiy faoliyatiga daxl qilmasdi. Bank sanksiyalar uning Rossiyadagi faoliyatiga ta’sir qilmasligini aytdi.

“„Gazprombank“, uning barcha tizimlari va ofislari odatdagi tartibda ishlaydi”, deya ma’lum qildi matbuot xizmati. Shu bilan birga, kredit tashkiloti mijozlarni xorijda “UnionPay” kartalari bilan bog‘liq ehtimoliy muammolar haqida ogohlantirdi.

“21-noyabrdan boshlab xorijdagi „UnionPay“ to‘lov tizimi kartalari ishida qiyinchiliklar kuzatilishi mumkin. Agar siz xorijda bo‘lsangiz, naqd puldan foydalanishni tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bayonotiga ko‘ra, AQSh moliya vazirligi “Gazprombank” bilan Saxalin-2 loyihasi bilan bog‘liq operatsiyalarni 2025-yilning 28-iyuniga qadar amalga oshirishga ruxsat bergan.

“Gazprombank"dan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

  • “Dom.RF” — ipoteka kreditlash bozorida yirik o‘yinchi;
  • “BKS Bank” — qimmatli qog‘ozlar sohasidagi yetakchilardan biri;
  • boshqa moliya tashkilotlari, jumladan “Waybank”, “Vitabank”, “Autofinance Bank”, “Uglemetbank”, “Natsionalniy Standart” banki va “Finstar Bank”.

Jismoniy shaxslar orasida Rossiya Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosarlari Vladimir Chistyuxin va Dmitriy Tulin, shuningdek, regulyatorning asosiy departamentlari rahbarlari sanksiyaga uchradi.

AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning moliyaviy xabarlarni uzatish tizimiga (SWIFT tizimi analogi) qo‘shilgan xorijiy moliya institutlari uchun sanksiyalar xavfi haqida ogohlantirish e’lon qildi.

Avvalroq Buyuk Britaniya AQShdan keyin “Uzstanex"ga nisbatan sanksiyalar joriy qilgani haqida xabar berilgandi.