1-dekabrdan uy-joyni yaxshilash uchun ipoteka kreditlariga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat qarori bilan kambag‘al oilalarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka kreditlari berilishi belgilangan. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavka (18%) da 20 yilgacha ajratiladi.

Boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun kreditning 15%i miqdorida, foiz to‘lovlarining 12%dan oshgan qismiga besh yilgacha subsidiya taqdim etiladi. Ularni “subsidyplatform.mf.uz” platformasi orqali olish mumkin.

Shu bilan birga, kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha to‘lovlar miqdori 50%ga kamaytiriladi.

Ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan “Agrobank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” orqali ajratiladi.

Qayd etilishicha, hozirda onlayn ariza berish uchun tizim ishlab chiqilmoqda. Jarayonni joriy yilning 1-dekabrigacha yakunlash rejalashtirilgan. Undan keyin esa, to‘liq “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali ariza berish imkoniyati yaratiladi.

Jarayon qanday bo‘ladi?

Mablag‘lar “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida beriladi. Ya’ni, fuqaro hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliq inspektori va ijtimoiy xodim, shuningdek, mahalla raisi tomonidan imzolangan hujjat asosida kredit olish uchun tavsiya etiladi.

Kreditni to‘lovchi sifatida rasmiylashtirishda murojaatchi turmush o‘rtog‘ining nomiga ham rasmiylashtirish mumkin. Bank buni hisobga olgan holda umumiy tizim doirasida tekshirib chiqadi.

Topshirilgan arizalar bir hafta muddatda “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqilib, ular kredit uchun tavsiya etiladi yoki rad etilgan taqdirda, rad javobi berilgan SMS hamda tegishli xabarnomalar jo‘natiladi.

Qanday hujjatlar kerak?

Arizalar “Onlayn mahalla” platformasi orqali qabul qilinganda fuqarolardan hech qanday hujjat talab etilmaydi. Shu bilan birga, bankka taqdim qilinadigan hujjatlar soni minimal tarzda amalga oshirilib, butun tizim avtomatlashtirilgan holda yuritiladi.

“Ya'ni, „Onlayn mahalla“ bir tomondan tavsiya bilan, ikkinchi tomondan Markaziy bank o‘zining skoring tizimi va fuqaroga ajratiladigan kredit hujjatlari bilan, uchinchi tomondan esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqaroga ajratilgan kreditning 12%dan yuqori qismiga subsidiya ajratgan holda qatnashib, fuqaro uchun maksimal darajada qulaylik beriladi”, — dedi Bandlik vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Atajanov.

Qanday talablar bor?

Qarz oluvchilar uchun muvofiqlik mezonlari mavjud. Xususan, ular 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak.

Foiz to‘lovlari va asosiy qarzni to‘lov jadvali asosida har oyda to‘lash uchun yetarli daromadga ega bo‘lish zarur. Bunda, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud YTTdan daromadga ega bo‘lish ham mumkin.

Qarz yuki ko‘rsatkichi barcha kredit va mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlarining oylik daromadga nisbati 60%idan yuqori bo‘lmasligi, shu bilan birga, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmasligi kerak. Qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblashda oxirgi 12 oy mobaynida olingan daromadlar hisoblanadi.

Ilgari ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalardan foydalanmagan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan uy-joy yoki yer uchastkasi qarz oluvchining o‘ziga yoki u bilan birga yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli bo‘lishi kerak.

Ipoteka kreditining ta’minoti sifatida yakka tartibdagi uy-joyning o‘zi, yangi quriladigan uy-joylarda qurilish bitgungacha uchinchi shaxs kafilligi va boshqa ta’minot taqdim etiladi. Ularni notarial rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.

Joriy yilning may oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti berilishi belgilangan.

Avvalroq Toshkentda uy-joylarning investitsion daromadliligi pasaygani haqida xabar berilgandi. Ko‘rsatkich yil boshidagi 32,4%dan oktabrga kelib, 12,2%gacha tushdi. 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi.