Tadbirkor ayollar uchun “PizzaPitch Women” tanloviga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda tanlov tashkilotchilari “Spot"ga ma’lum qildi.
Loyiha tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, startap loyihalarni tajribali tadbirkorlar va investorlarga taqdim etish imkonini beradi.
Ishtirokchilar texnologiya, sog‘liqni saqlash hamda ekologiya kabi sohalardagi g‘oyalari va yechimlarni namoyish etishlari mumkin.
Tadbir doirasida biznes vakillari uchun mutaxassilar firk-mulohazalari, qo‘llab-quvvatlash bilan birga, tajriba almashish va aloqalar o‘rnatish imkoni yaratiladi.
Har bir ishtirokchi 5 daqiqa davomida o‘z loyihasini taqdim etadi, undan keyin esa savol-javob o‘tkaziladi. Tanlov yakunida tajribali tadbirkorlar va investorlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan tanlab olingan eng yaxshi loyihalar taqdirlanadi.
Shuningdek, ishtirokchilar “StartCamp” ishtirokchilari nutqlarini eshitishlari mumkin. Tadbirkor ayollar samarali savdo jarayonini yaratish borasidagi muvaffaqiyatlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar.
Unda ishtirok etish uchun havola orqali ariza jo‘natish kerak. Hujjatlar 8-dekabrgacha qabul qilinadi.
Tanlov joriy yilning 14-dekabr kuni soat 10:00da “U-Enter” markazida bo‘lib o‘tadi. Mazkur tanlov birinchi marta joriy yilning fevral oyida tashkil etilgandi.
Avvalroq STEM sohasida ayollar uchun imkoniyatlar haqidagi mashg‘ulotga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kerak.