Mahalliy servislar
“Allplay”
Obuna narxi: 30 000 so‘mdan boshlanadi. Yangi foydalanuvchilarga obuna birinchi oy uchun 299 so‘m.
Platformada 90dan ortiq telekanallar hamda “Start”, “Amediateka”, “HBO” kabi servislarning ko‘plab film va seriallari o‘rin olgan.
Unda tasvir sifatini sozlash yoki avtomatik rejimni o‘rnatish mumkin, bu ulanish tezligiga qarab mos keladigan tasvir aniqligini tanlash imkonini beradi. Bundan tashqari, videofayllarni internetsiz tomosha qilish uchun yuklab olish imkoniyati bor.
Ba’zi telekanallar tilini tanlasa bo‘ladi, faqat ro‘yxatdan o‘tib tizimga kirgandan so‘ngina tomosha qilish imkoniyati ochiladi.
“Onlayn TV Premium” obunasi 90+ kanallarni taklif qiladi. Dastlabki oyda 199 so‘m, so‘ngra 30 ming so‘mdan. “Uzmedia” to‘plamida o‘zbek tilidagi film va seriallarni tomosha qilishning bir oylik narxi — 10 ming so‘m, to‘rt kuni — 7000 so‘m.
“Setanta Sports” sport telekanaliga obunani 15 ming so‘mga, hamda “Amediateka,” “more.tv,” “START,” “Megogo” kabi striming xizmatlarini 15 ming-17 ming so‘mga alohida xarid qilish mumkin. Xorijiy kino va seriallarni 17 ming so‘mga, turk kinolarini 7000 so‘mga ko‘rish mumkin.
Four In Play to‘plamida o‘zbek filmlaridan tashqari servisning qolgan barcha kino va seriallarini ko‘rish 30 ming so‘mga tushadi.
Servis brauzer hamda Android, iOS ilovalari va Smart-televizorlari uchun ochiq. “Mobiuz” mobil operatori servis bilan hamkorlik qilayotgani sababli, ilovadan foydalanganda tarmoq abonentlarida trafik ushlab qolinmaydi.
Bundan tashqari, saytda “Radio” va “GO” bo‘limi mavjud bo‘lib, unda 15ta xorijiy radiostansiyani bepul tinglash hamda strimlar, filmlar, anime va turk seriallarini o‘z ichiga olgan kanallarni tomosha qilish mumkin.
“Beeline TV“
Obuna narxi: 14 000 so‘mdan boshlanadi.
“Beeline TV” — bu foydalanuvchilarga bir qator telekanal, film, seriallar va boshqa multimedia platformalariga kirishni taklif etuvchi “Beeline” kompaniyasining servisidir. Shuningdek, platforma telekanallarni real vaqt rejimida tomosha qilish imkonini beradi.
“Telekanallar” obunasi 100dan ortiq kanallarni taklif qilib, bir oylik obuna narxi 15 ming so‘m, kuniga 1000 so‘mdan to‘g‘ri keladi. “Setanta Sports” servisidan foydalanish esa 15 000 so‘mga tushadi.
“Gold” to‘plami 100dan ortiq telekanallar hamda “IVI” kinoteatri, “Amediateka” va “Milliy kino” obunasini o‘z ichiga oladi. Narxi oyiga 30 ming so‘m, kuniga 2000 so‘mdan. “VIP” to‘plam ichiga ham xuddi shunday imkoniyatlar, qo‘shimcha “Start” servisidan foydalanish kirib, uning qiymati — 40 ming so‘m (kuniga 2500 so‘mdan).
Platformada qo‘shimcha obuna ham mavjud. O‘zbekistonda yaratilgan multimedia bazasi to‘plami oyiga 15 ming so‘mni (kuniga 900 so‘mdan) tashkil qiladi. “IVI”, “Premier”, “Start”, “Amediateka” va “Megogo” servislarida obuna to‘lovi o‘zgarib turadi — 14 ming so‘mdan 16 ming so‘mgacha. Bir martalik obunaning kunlik narxi 1000 so‘m.
Mobil operator foydalanuvchilarining internet-trafigi sarflanmaydi. Beshta qurilmadan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud, lekin bir vaqtning o‘zida faqat bittasida ko‘rish mumkin.
“Cinerama”
Obuna narxi: 20 000 so‘mdan boshlanadi.
“Turon Telecom” platformasi obunachilarga 33 mingdan ortiq film, multfilm va seriallarni taklif qiladi.
Barcha servis bazasiga ega “Premium” to‘plam 45 ming so‘m. “Standard” obuna 20 ming so‘m bo‘lib, u o‘z ichiga 30 mingta film va seriallar, barcha telekanal va multfilmlar arxivini oladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin birinchi oy uchun obuna narxi 900 so‘mni tashkil qiladi.
Platformaning bosh sahifasida filmlar janrlar bo‘yicha saralanib, telekanallar yo‘nalishlar bo‘yicha tasniflangan. Filmlarni tasvir sifatiga qarab tanlash hamda internetsiz tomosha qilish uchun yuklab olish mumkin. Saytda teledasturlar yozuvlari, multfilmlar va anime, shuningdek o‘zbek va ingliz tillaridagi filmlarni tomosha qilish imkoniyati mavjud.
Ro‘yxatdan o‘tib, tizimga kirgandan keyingina platformadagi videolarni tomosha qilishga ruxsat beriladi.
Qo‘shimcha tarzda “Amediateka”, “Wink” va “Start” servislariga obunani 16 ming so‘mdan, mahalliy ishlab chiqarilgan film va seriallarga 10 ming so‘mdan, 170ta telekanalga 17 ming so‘mdan, “Setanta Sports” kanaliga 15 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.
Bundan tashqari, “Payme” ilovasida to‘plangan ballarni “Standart” va “Premium” tariflariga almashtirishsa bo‘ladi.
“Click TV“
Obuna narxi: 15 000 so‘mdan boshlanadi.
“Click TV” — “Click” kompaniyasining striming platformasi hisoblanadi. Servis litsenziyalangan kontentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy egalaridan taqdim etadi. Platformada 10ta kinoishlab chiqarish studiyasi va 170dan ortiq telekanallar, shuningdek, o‘zbek tiliga tarjima qilingan xorijiy filmlar hamda seriallar taqdim etilgan.
Obunalar haqida batafsil: “Premium” to‘plami platformaning to‘liq bazasini o‘z ichiga oladi va bu oyiga 49 ming so‘mga tushadi. Sinov tariqasida 1000 so‘mga obuna bo‘lib ko‘rish mumkin. “Optimum” to‘plami 33 ming so‘mga barcha telekanallar va “Premier”, “RizaNova”, “MT”, “Uzbekcha” kinoteatrlariga kirish imkonini beradi, “Lite” obunasida esa 15 ming so‘m evaziga faqat telekanallarni taqdim etiladi.
Serves iOS va Android qurilmalari va Smart-televizorlarga ulanadi. Tomosha paytida ko‘rish tili va sifatini tanlash mumkin. Telekanallar bo‘limida jadvalli teledastur ko‘rsatiladi. Avtorizatsiya va obunani sotib olgandan keyingina saytda filmlarni tomosha qilish mumkin.
“Itv”
Obuna narxi: 19 000 so‘mdan boshlanadi.
“ITV” — bu yangilik, ko‘ngilochar dasturlar, film, serial va telekanallarni o‘z ichiga olgan ko‘plab kontentlarni taqdim etuvchi platforma hisoblanadi. Shuningdek, xizmatda mahalliy radiostansiyalar bo‘lgan radio bo‘limi mavjud.
“Premium” obuna bazadagi barcha “Amediateka”, “Premier”, “Start” va o‘zbek tilida yaratilgan kontentlarni o‘z ichiga oladi. Narxi — 49 ming so‘m. “Pro” to‘plamini xarid qilish 99% chegirma (290 so‘m) bilan amalga oshiriladi. Keyinchalik obuna narxi 29 ming so‘mni tashkil etadi. “Pro” to‘plami “Premium” bilan deyarli o‘xshash, lekin undagi filmlar soni ikki barobar kam. “Lite” to‘plam 120ta telekanalni, film va seriallar bazasining yarmini o‘z ichiga oladi. Obuna narxi 19 ming so‘m.
Qo‘shimcha obuna ham mavjud:
mahalliy suratga olingan film, serial va teleko‘rsatuvlar — 10 ming so‘mdan;
“Setanta Sports” sport telekanali — 15 ming so‘mdan;
“Amediateka” va “Start” xizmatlaridan foydalanish — 16 ming, “Premier” — 15 ming so‘mdan.
Saytda tomosha tilini (o‘zbek, rus va ingliz) tanlash, xohishga qarab subtitrdan foydalanish mumkin.
“Kinoman”
Obuna narxi: 20 000 so‘mdan boshlanadi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng 30 kun bepul sinov tariqasida servisdan foydalanish mumkin.
“Kinoman” “Sarkor Telecom"ning ichki resursi hisoblanadi. “Kinoman"ga obuna xarid qilish orqali foydalanuvchi “Sarkor.TV"ni ko‘rish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. “Sarkor.TV” — bu standart kanallar to‘plamiga ega IP-televideniya bo‘lib, uning bir qismi bepul tomosha qilish uchun ochiq. Ikkita portalda tomosha qilish imkoniyati faqat ro‘yxatdan o‘tib, tizimga kirgandan keyingina ochiladi.
Xizmatda butun bazani o‘z ichiga olgan yagona obuna mavjud. Narxi 20 ming so‘m. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng sinov tariqasida servisdan 30 kun bepul foydalanish mumkin.
Platformaning onlayn kinoteatri 10 mingdan ortiq film, serial, TV-dasturlar va multfilmlarni o‘z ichiga oladi. Servis tomoshabinlarning xohishiga mos ko‘plab kontentga ega bo‘lgan kataloglarni taklif qilib, videolarni oflayn ko‘rish uchun qurilmalarga yuklab olish imkonini beradi. Shuningdek, platforma saytda foydalanuvchilar ko‘rgan multimedia fayllariga asoslangan holda yangi kontent taklif qilib, obunachiga o‘zining shaxsiy videolar ro‘yxatini shakllantirish imkonini beradi.
“Mediabay”
Obuna narxi: standart — 19 000 so‘mdan.
“Mediabay"da kanallarning faqat bir qismini bepul ko‘rish va tomosha tilini (ruscha, o‘zbekcha va inglizcha) tanlash mumkin. Obuna sotib olinganidan so‘ng, foydalanuvchi yetti kun davomida ko‘rsatuv dasturlari va efir arxividan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Platforma uch turdagi obunani taklif etadi: “Premium” 49 ming so‘m, “TV Maximum” 27 ming so‘m va “Standard” 19 ming so‘m.
Qo‘shimcha ravishda “Setanta Sports” kanaliga 15 ming so‘mga, film va seriallar hamda multfilmlar bazasiga 35 ming so‘m evaziga obuna bo‘lish mumkin. Shuningdek, platformada aksariyat qismi o‘zbek tilida bo‘lgan 23ta bepul radiostansiya mavjud.
“TVCOM”
Obuna narxi: telekanallar uchun 15 000 so‘mdan, filmlar to‘plami esa 40 000 so‘mni tashkil etadi.
Platforma 10 kunlik bepul sinov muddatini taklif qiladi, lekin ro‘yxatdan o‘tmay foydalanib bo‘lmaydi. Videofaylni internetsiz tomosha qilish uchun yuklab olish imkoniyati mavjud.
“Cinema Club” obunasi (filmlar kutubxonasi) “START”, “Amediateka”, “viju”, “RizaNova”, “Wink”, “Premier”, “Megogo”, “Tvigle” xizmatlarini o‘z ichiga oladi, narxi — 40 ming so‘m.
Asosiy telekanallarga obuna 15 ming so‘m, 160+ kanalga ega to‘plam esa 40 ming so‘mni tashkil qiladi.
Qo‘shimcha ravishda “Setanta Sports"ga 15 ming so‘m evaziga, shuningdek, “Cinema Club” paketiga kiritilgan xizmatlarga alohida obuna xarid qilish mumkin. Obuna narxi 5000dan 17 000 so‘mgacha.
Servisdan bir vaqtning o‘zida beshta qurilmada foydalanish hamda “Payme” orqali to‘plangan ballarni ba’zi obunalarga almashishtirish mumkin.
“Ucell (itv)“
Obuna narxi: 20 000 so‘mdan boshlanadi.
Mobil operator “ITV"da telekanallar, filmlar va seriallarni tomosha qilish imkoniyatini taklif qiladi. Portaldan foydalanish paytida “Ucell” abonentlari trafigi sarflanmaydi.
Onlayn-TV, xorijiy va “o‘zbek videoklubi"ning narxi 20 ming so‘mni, onlayn-TV va “xorijiy videoklub” birgalikda esa 30 ming so‘mni tashkil etadi.
Platforma bir, uch va 10 kunlik obunalarni ham taklif qiladi. Bir kunlik obuna 3 000 so‘mni, uch kunlik obuna 4 000−6 000 so‘mni, 10kunlik obuna 12 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha.
Xalqaro va Rossiya servislari
“Apple tv+“
Obuna narxi: $9,99 dan (129 ming so‘m).
Yangi “Apple” qurilmasini sotib olganlar uchun uch oylik bepul obuna taqdim etilib, uning ichiga Apple Originals teleshou va filmlari kiradi.
Servis 2019-yilda ishga tushirilib, “Ertalabki shou”, “Ted Lasso”, “Jeykobni himoya qilish” va “Xizmatkor” kabi loyihalari sababli mashhurlikka erishgan. “Apple tv+” uchun yaratilgan kontent taniqli aktyor, rejissyor va prodyuserlar bilan hamkorlikda suratga olini sabab platformada ommaga taqdim etilmagan yangi kino va seriallarni topish mumkin.
“Apple tv+” obunasi oyiga $9,99 (129 ming so‘m) ni tashkil etadi. Ro‘yxatdan o‘tish paytida foydalanuvchiga yetti kun davomida bepul kirish imkoniyati beriladi.
Bir vaqtning o‘zida beshta qurilmadan avtorizatsiya qilish mumkin. Xizmatda kontent unchalik ko‘p bo‘lmasa-da, mavjud bazasi yuqori sifatga ega.
“Аmediateka”
Obuna narxi: ₽599 dan (76 000 so‘m).
“Amediateka” — bu Rossiyaning striming platformasi. Xizmatning afzalliklaridan biri — yangi film yoki serial premyera kunida platformada paydo bo‘lishidir. Saytda butun “HBO” kutubxonasi, dunyoning yetakchi telekanallari va studiyalari mavjud bo‘lib, “Showtime”, “Starz”, “HBO” va boshqa seriallarni rasman namoyish etish huquqiga ega. Shu bilan birga “Amediateka” o‘z loyihalari va shoularning mahalliylashtirilgan versiyalarini ham taqdim etadi.
Obuna narxi oyiga ₽599 (76 ming so‘m). Yangi obunachi ₽1 evaziga servisdan sinov tariqasida foydalanib ko‘rsa bo‘ladi. Foydalanuvchilar 90 kunga ₽1499 ga (189 ming so‘m), 180 kunga ₽2499 ga (315 ming so‘m) obunani sotib olishlari mumkin. Yillik obuna ₽4999 (630 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Bitta akkauntga beshta mobil qurilmani ulash mumkin. Platforma o‘zining yangiliklar, intervyular va longridblogiga ega.
Servis barcha asosiy platformalarda, mobil qurilmalar, smart-televizorlar, pristavkalar va shaxsiy kompyuterlarda ishlaydi.
“Ivi”
Obuna narxi: ₽1dan (13 000 so‘m). Yangi foydalanuvchilarga platforma bir oy bepul tomosha qilish imkonini beradi.
“IVI” — Rossiyaning mashhur platformalaridan biri. Xizmat Rossiya va xorijda ishlab chiqarilgan film, serial, multfilmlarning keng to‘plamini taklif qiladi.
Saytda yangi filmlarni sotib olish imkoniyati mavjud. Narxi — ₽99 dan (13 ming so‘m). Servisda reklamani ko‘rgandan keyin tomosha qilish mumkin bo‘lgan ko‘plab bepul kontentlar mavjud.
“Izi Ivi” paketini faqatgina ilova orqali bitta qurilmada tomosha qilish mumkin, unda servisning barcha katalogi mavjud bo‘ladi. Obuna narxi — $1 (taxminan 13 ming so‘m). “Ivi obunasi” har qanday qurilmada beshta avtorizatsiyagacha tomosha qilish imkonini beradi. Narxi — $1,87 (25 ming so‘m).
“Kinopoisk”
Obuna narxi: 9000 so‘mdan boshlanadi.
“Kinopoisk” — rus tilidagi filmlar internet-servisi bo‘lib, 2018-yildan buyon onlayn-kinoteatr ham ishga tushirilgan.
“Kinopoisk"ning boshqa striming platformalaridan asosiy farqi u o‘z foydalanuvchilariga film yoki serial haqida kengroq ma’lumot beradi: reytingi, sharhlari, suratga olish jarayoni, aktyorlar va suratga olish jamoasi singari. Bundan tashqari, “Kinopoisk"da premeralar bo‘lib o‘tgan yoki kutilayotgan afishalarni topish, obunachilarning sharhlari bilan tanishish imkoniyati mavjud.
Onlayn-kinoteatrga “Yandex"ga obuna bo‘lish orqali kirish mumkin, bundan tashqari “Yandex Music”, “Bukmeyt” va boshqa ilovalarda ham bunday qulaylik mavjud. Obuna narxi — 10 ming so‘m, “Yandex Multi” orqali obunachi uchta foydalanuvchini qo‘shishi mumkin, narxi — 25 ming so‘m. Biroq, ikkala to‘plamda ham “Amediateka” xizmatidan foydalanib bo‘lmaydi. “Plus with Amediateka"ga esa 40 ming so‘mga obuna bo‘lish mumkin.
“Yandex” bir-biridan unchalik farq qilmaydigan uchta obuna turini taklif qilib, unda har bir dasturga alohida obuna rasmiylashtirish shart emas. Obuna umumiy bo‘lib, “Yandex Music”, “Kinopoisk”, “Yandex Books” va boshqalar kabi barcha ilovalarga amal qiladi.
Shuni hisobga olish kerakki, videomateriallarning hammasini ham O‘zbekistonda ko‘rib bo‘lmaydi — ayrim fayllarda “Ko‘rish” tugmasi ishlamaydi.
“Megogo”
Obuna narxi: yangi foydalanuvchilarga 14 kungacha bepul tomosha qilish taklif etiladi, keyin — $2dan (26 000 so‘m).
“Megogo” — bu turli xil ko‘ngilochar kontentni taklif qiluvchi yirik Rossiya servisidir. Platformada film, serial, telekanal, audiokitoblar va podkastlar mavjud bo‘lib, uni ko‘plab tillarda ko‘rish mumkin.
“TV va kino” to‘plami oyiga $2,49 (32 ming so‘m), olti oyga — $4,49 (58 ming so‘m) va yiliga — $11,99 (154 ming so‘m) ni tashkil qiladi.
“TV, kino va Setanta Sports” obunasi oyiga $2,99 (38 ming so‘m), olti oyga — $10,49 (135 ming so‘m) va bir yilga — $17,99 (231 ming so‘m) turadi.
“Setanta Sports” yoki “Discovery+"ni $1,99 evaziga alohida ulanadi. Platformada loyallik dasturi mavjud bo‘lib, saytdan foydalangan obunachiga bonus ballari qo‘shilib boradi — ularni sovg‘alarga almashtirsa bo‘ladi. Servisda videomateriallarni internetsiz ko‘rish uchun yuklab olish mumkin.
“Netflix”
Obuna narxi: €7,99dan (110 ming so‘m).
“Netflix” eng yirik va yetakchi striming platformalaridan biri hisoblanadi. Servis ommabop filmlardan tortib mualliflik filmlari, animatsiyalar, bolalar va ta’lim dasturlarigacha bo‘lgan turli xil kontentni taklif qiladi. Uning eng mashhur loyihalari “Juda g‘alati ishlar”, “Toj”, “Qora oyna” va boshqalar hisoblanadi.
Netflix xalqaro auditoriya uchun turli tillarda seriallar va filmlar yaratish orqali butun dunyodagi ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda.
Asosiy obuna €7,99 (110 ming so‘m), standart — €9,99 (135 ming so‘m), premium obuna €11,99 (165 ming so‘m)ga tushadi.
“Premium” tarif bir vaqtning o‘zida to‘rtta qurilmada tomosha qilish va oltita qurilmada avtorizatsiya qilish imkonini beradi. Servis “Visa”, “MasterCard” va “American Express” kartalarini qabul qiladi.
Kontentni internetsiz ko‘rish uchun qurilmaga yuklab olish imkoniyati mavjud.