O‘zbekistonliklar uchun “Turkiye burslari” grant dasturiga kvotalar soni oshirilishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

20-noyabr kuni vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Turkiyaning Xorijiy turklar va qavm jamiyatlar idorasi raisi Abdulloh Eren boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Tomonlar oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish, xususan, idora tomonidan beriladigan “Turkiya stipendiyalari” (Turkiye burslari) dasturini o‘zbekistonliklarga yaqindan tanishtirish masalalarini muhokama qildilar.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov dastur uchun ajratiladigan grant o‘rinlarini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda aniq yo‘nalishlarda ajratish taklifini bildirdi.

Vazir mashinasozlik, yashil energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, sun’iy intellekt hamda tibbiyot sohalari dolzarbligidan kelib chiqib, Turkiya OTMlarida o‘qishga yuboriladigan o‘zbekistonliklarga mazkur yo‘nalishlarda kvotalar ajratish mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, kasbiy ta’lim bo‘yicha muzokaralarda O‘zbekiston oliygohlarining turk tili bo‘yicha professor-o‘qituvchilari uchun “Ta'lim-Sayohat” nomli qisqa muddatli stajirovka kurslarini tashkil etishga kelishildi.

Xorijiy turklar va qavm jamiyatlar idorasi har yili davlat budjeti hisobidan Turkiya davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan xorijiy mamlakatlar fuqarolariga 3500ta stipendiya ajratadi.

Hozirda Turkiya oliygohlarida 370 nafar o‘zbekistonlik tahsil oladi. Joriy yilgi grant dasturi doirasida 211 nafar fuqaro hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 130 nafari qabul qilingan.

Turkiye burslari” uchun qabul har yil 15-yanvardan 20-fevralgacha onlayn amalga oshiriladi. Unga butun dunyodan nomzodlar bakalavr, magistratura va PhD darajalari uchun hujjat topshirishi mumkin.

“Spot” mazkur grant dasturini qo‘lga kiritgan Anqara Hoji Bayram Vali universiteti magistranti Kamola Nosirova hikoyasini taqdim etgandi.