20-noyabrda qabul qilingan prezident qarori bilan “Vatandosh” guvohnomasi va kartasini rasmiylashtirish, ularni berish hamda bekor qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

“Vatandosh” guvohnomasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish shakli hisoblanadi. U mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etayotgan, boshqa davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan, xayriya (metsenatlik) ishlarini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisidir.

Bu hujjat asosida xorijdagi fuqarolarga “Vatandosh” kartasi beriladi. O‘z navbatida, mazkur ID-karta 5 yilga taqdim etilib, u O‘zbekiston hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beradi. Uni olishda vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan kelib chiqiladi.

Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish bo‘yicha taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
  • mamlakat hududida ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulk miqdorlari qo‘llanilmaydi va O‘zbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
  • xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.

Karta egalarining oila a’zolariga (ota-onasi, eri yoki xotini va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • viza muddatini uzaytirishda O‘zbekiston hududidan chiqmasdan cheklanmagan miqdorda uzaytirish bilan davlat bojisiz ko‘p martalik viza olish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
  • vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni davlat boji undirilmasdan IIOlarda rasmiylashtirish va uzaytirish.

Avvalroq Qozog‘iston va Tojikistonga ID-karta bilan kirish va chiqish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi. Prezident mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.