“WhatsApp” ovozli xabarlarni o‘qish funksiyasini qo‘shdi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Funksiyani yoqish yoki o‘chirish uchun sozlamalarga kirib, “Chatlar” bandini tanlash va keyin ovozli xabarlarning shifrini va kerakli tilni tanlash kerak.

Ovozli xabarning matnli versiyasini olish uchun uni bosib, keyin “Transkripsiya qilish” tugmasini bosish kerak. Bu funksiya butun dunyo bo‘ylab ishlaydi.

Messenjerning Android versiyasida ingliz, portugal, ispan va rus tillari qo‘llab-quvvatlanadi.

iOS 16 va undan yuqori versiyalarida ingliz, ispan, fransuz, nemis, italyan, yapon, koreys, portugal, rus, turk, xitoy va arab tillari mavjud.

Shuningdek, iOS 17 va undan yuqori versiyalarda esa qo‘shimcha ravishda daniya, fin, ivrit, malay, norveg, niderland, shved va tay tillari ham bor.

Avvalroq “WhatsApp” beta-versiyasida xabarlarni tarjima qilish funksiyasini qo‘shgani haqida xabar berilgandi.

Hozirda funksiya ingliz, rus, arab, ispan, portugal (Braziliya) va hind tillarini qo‘llab-quvvatlaydi.


Avvalroq “Spot” “Samsung” “WhatsApp” qo‘ng‘iroqlariga real vaqtda tarjima funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.

Funksiya foydalanuvchining ovozini real vaqt rejimida tanlangan tilga tarjima qiladi va tarjimaning transkripsiyasini ekranda aks ettiradi.

Shuningdek, “WhatsApp'da foydalanuvchilarni shubhali guruhlardan himoya qiluvchi funksiya qo‘shilishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, messenjerga qo‘shiladigan yangi funksiya foydalanuvchiga guruh haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim qiladi.