18-noyabr kuni Andijon davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur oliygoh Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida tashkil etiladi.

Ularda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini yangi institutda davom ettiradi. Bitiruvchi kurs talabalariga 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab institut diplomi beriladi.

Uning faoliyat yo‘nalishlari avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, to‘qimachilik, muhandislik, qurilish va boshqa sanoat sohalari kiradi. Oliy hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga asosan yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlaydi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab unda energetika muhandisligi, sun’iy intellekt, mexatronika va robototexnika kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash hajmi oshiriladi.

Shu bilan birga, talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Talabalarga tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha barcha xizmatlar “yagona darcha"da ko‘rsatiladi. Bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlarda xorijiy tillarda darslar o‘tkaziladi.

Oktabr oyi boshida Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochilgandi. Joriy o‘quv yilida oliygohda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichi o‘qitiladi.

Noyabrga kelib, Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil etildi. Universitetda IT, sun’iy intellekt, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish hamda logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.