Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” dehqon bozori hududi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.
Obyekt Shota Rustaveli va Shahjahon ko‘chalari oralig‘idagi Rakat mavzesida, Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur bog‘i) yaqinida joylashgan.
Yer uchastkasining umumiy maydoni 1,82 gektar bo‘lib, shundan 0,68 gektari binoning qurilish osti maydoni hisoblanadi.
Shu bilan birga, binoning umumiy maydoni 7 439 kv.metrni, shu jumladan, umumiy maydoni 1,3 ming kv.metrni tashkil etuvchi hujjatsiz imoratlarni o‘z ichiga oladi. Barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr, suv va kanalizatsiya mavjud.
Xaridor bozorni rekonstruksiya qilishi va uning hududida yangi savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini barpo etishi kerak. Unga kamida 3 ming kv.metr maydonga ega ekobozor, 1200 kv.metr maydonda sovutgich ombori va 400 dona avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh kirishi kutilmoqda.
Lotning boshlang‘ich narxi — 214,85 mlrd so‘m. Savdolar 20-dekabr soat 10:00ga belgilangan bo‘lib, arizalar shu kuni soat 9:00ga qadar qabul qilinadi.
Yakkasaroy tumani hokimligi 16-noyabr kuni bozorni rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etgandi. Hokim Nilufar Allabergenova loyihada ishtirok etishga qiziqqan bir nechta salohiyatli investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Yangi savdo majmuasida eskalatorlar, panduslar, Wi-Fi nuqtalari, velosiped yo‘laklari va ko‘ngilochar obyektlar bo‘ladi. Bundan tashqari, uning yonida 4 yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan.
Avvalroq Toshkentda pulli parkovkalar tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda Yaponiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Balcomuz” kompaniyasi 120 mlrd so‘m taklif bilan g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgandi.