“Bosch” Germaniyada ish soatlari va 10 ming ishchining maoshini qisqartiradi, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Unga ko‘ra, 2025-yil mart oyidan boshlab shtatning bir qismi uchun ish vaqti haftasiga 38 va 40 soatdan 35 soatgacha qisqartiriladi. Shunga mos ravishda kompaniya to‘lovlarni 12,5%ga kamaytiradi.

Choralar birinchi navbatda Gerlingendagi bosh ofisdagi xodimlarga ta’sir qiladi. Lekin Shvebish-Gmyunde va Shviberdingendagi korxonalarda ham shunga o‘xshash choralarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Noyabr oyi boshida “Bosch” iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya bosh direktorining ma’lum qilishicha, 2024-yilda sotuv hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan biroz pastroq bo‘lishi kutilmoqda.

22-noyabrda kompaniya 5500 nafar, ularning 3800 nafari Germaniyada bo‘lgan xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilsozlik sanoati ishlab chiqarish quvvatlarining jiddiy ortiqchaligiga duch kelgan. Shu bilan birga, raqobat ham kuchaygan, narxlar borasidagi bosim ham ortgan.


Avvalroq “Spot” “General Motors” yana 1000 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qisqartirish kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab, asosan AQShdagi xodimlariga ta’sir qiladi.