Avvalroq tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2025-yildan tadbirkorlar faoliyatida barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinib, Biznes-ombudsmanni xabardor etish orqali o‘tkaziladi.
Bunda tekshiriladigan tadbirkorlar aniq bo‘lmagan hamda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga, atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etishda tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida tizimda ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsman xabardor etiladi.
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga ajratiladi. Bunda kameral soliq tekshiruvlari axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
Elektron tizim natijalari asosida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni o‘tkazish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Xavf darajasi o‘rta va yuqori bo‘lgan tadbirkorlar esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi yoki tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.
Aniq fakt va hollar bo‘yicha fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etishga qaratilgan tekshiruvlar elektron tizim natijalaridan qati nazar o‘tkazilishi mumkin.
Soliq va bojxona organlari tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq yuritiladi.
Profilaktika tadbirlari doirasida Biznes-ombudsman va nazorat qiluvchi organlar cheklist bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Biznes-ombudsman nazorat qiluvchi organlar bilan bir oy muddatda “Xavfni tahlil qilish” tizimlariga qo‘yiladigan minimal talablarni takomillashtirishi kerak.
Noyabr oyi boshida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar tizimli amalga oshirilishi ma’lum qilingandi. Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov tadbirkorlar huquqini himoya qilish va ular faoliyatida tekshiruvlarni tartibga solish tizimi qanday bo‘lishiga izoh berdi.
Avvalroq yuqori reytingga ega tadbirkorlar soliq tekshiruvlaridan ozod etilishi haqida xabar berilgandi. Yuqori reytingga ega kompaniyalarga nisbatan ortiqcha hisoblangan soliq summasi 3 kunda qaytarib beriladi.