25-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga avtomobil sanoatida qilinayotgan ishlar va kelasi yilga mo‘ljallangan rejalar haqida axborot berildi.

Mamlakat sanoatida avtomobilsozlik ulushi 10%ni tashkil etadi. Joriy yilning o‘n oyida 338 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. 1 400 turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtirilgan. $455 mlnlik eksport amalga oshirilgan.

Iqtisodiy choralar natijasida sohada tannarx 4%ga kamaydi. “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov oldindagi rejalar va vazifalar yuzasidan davlat rahbariga axborot berdi.

Xususan, 2025-yilda 450 mingta avtomobil ishlab chiqarish va eksportni $700 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.

Hududiy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirib, mahalliylashtirishni oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan. 700ta detalni o‘zlashtirish bo‘yicha $325 mlnlik 63ta loyiha amalga oshiriladi.

Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda barpo etilgan elektromobil zavodida “Chazor” va “Song Plus Champion” kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.

Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.

Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Oktabr oyida Ulug‘bek Rozuqulov import hajmlari juda katta ekanligini, shuningdek, tayyor mahsulot, butlovchi qism hamda xom ashyo materiallari bo‘yicha potensial kattaligini qayd etgandi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning 9 oyida 15,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 18,9 trln so‘mga yetkaziladi.

Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.

Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.

Avvalroq Asakadagi “ADM Electrics” korxonasida “Tracker” va “Kia Sonet” kabi avtomobillarni mahalliylashtirishni oshirish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.