22-noyabr kuni Toshkent shahrida Xitoy Eksport-import (Eksim) banki vakolatxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov Xitoy banki faoliyatini strategik tashabbuslarni amalga oshirishni tezlashtirish va sifatini oshirishda ko‘maklashuvchi moliyaviy hamkor sifatida baholadi.

Eksimbank yordamida mamlakatda kimyo sanoati, energetika, transport, IT, qishloq va suv xo‘jaligi kabi tarmoqlarda umumiy qiymati $3 mlrddan ortiq bo‘lgan 50dan ko‘proq loyiha amalga oshirilgani qayd etildi.

Vakolatxonaning ochilishi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni birgalikda amalga oshirish va O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorligi salohiyatini ochishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mintaqaviy ofis bankning 8ta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini yuritadi.

Xitoy bankining Toshkentda mintaqaviy ofisini ochishi yil boshida Shavkat Mirziyoyevning bank raisi Vu Fulin bilan kechgan uchrashuvida ma’lum qilingandi. Tomonlar ofis ochish hamda transport va ijtimoiy infratuzilma, sanoat va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha loyiha rejalarini ko‘rib chiqishdi.

Undan keyin Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokidagi muzokaralarda prezident bankning mazkur qarorini yuqori baholadi.

Bundan tashqari, bank vakolatxonasini ochish bo‘yicha qabul qilingan qaror xitoylik hamkorlarning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli ta’sir qilishi ta’kidlandi. Sentabr oyida Markaziy bank Eksimbanki vakolatxonasini akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

Xitoyning Eksimbanki (The Eksport-Import Bank of China) 1994-yilda tashkil etilgan. Bank $800 mlrddan ortiq aktivlarga ega va tashqi savdo hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Xitoyning yetakchi moliya instituti hisoblanadi.