“Google” birinchi sozlashda ma’lumotlarni bir smartfondan ikkinchisiga tezroq o‘tkazish imkonini beradi. Bu haqda “Phone Arena” nashri xabar berdi.

Mutaxassislarning aytishicha, smartfonlar o‘rtasida ma’lumotlarni uzatish uchun zarur bo‘lgan “Android Switch” funksiyasi barcha Android telefonlari uchun mavjud bo‘ladi.

U chat, taqvimlar, kontaktlar, sozlamalar, fayllarni eski qurilmadan yangisiga o‘tkazish imkonini beradi. Shuningdek, funksiya ma’lumotlarni iPhone’dan Android’ga o‘tkazishda ham ishlaydi. “Android Switch” 2025-yilda barcha foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘ladi.

Shuningdek, “Google” qurilmalar o‘rtasida ma’lumotlarni uzatishni 40%ga tezlashtirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

“Bu katta hajmdagi ma’lumotlarni telefondan telefonga o‘tkazishi kerak bo‘lgan odamlarning vaqtini tejaydi,” — deya ta’kidladi mutaxassislar.

Shu jumladan, iPhone’dan Android smartfonga fayllarni sim orqali o‘tkazish jarayonini tezlashtirish va soddalashtirish imkoni yaratildi.

Bundan tashqari, “Google” yangi smartfondan darhol foydalanish va sozlamalar va fayllarni keyinroq “Android Switch” orqali ko‘chirish imkoniyatini qoldirdi.

“Tayyor bo‘lganda, ma’lumotlarni eski qurilmadan nusxalash uchun “Sozlamalar"ga o‘tish yoki “Google Play"da ilovani tekshirish kerak”, — deb tushuntirdi mualliflar.

Ma’lumotlarni ko‘chirishda foydalanuvchilar bulutli xizmatda saqlanayotgan zaxira nusxadan ma’lumotlarni ham tiklashlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” “Google” Android 16 operatsion tizimining birinchi beta-versiyasini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Yangi operatsion tizimning keyingi beta-versiyasi 2025-yil yanvardan aprelgacha chiqadi. Barqaror versiyasi esa yil o‘rtalarida taqdim qilinadi.