25-noyabr kuni Toshkent shahri ko‘chalari bo‘ylab pulli to‘xtash joylarini boshqarish huquqi uchun o‘tkazilgan savdolar yakunlandi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy 2 soat 10 daqiqa davom etgan onlayn auksionda jami 22ta taklif bildirilgan, uning yakunida “Balcomuz” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Kompaniya lot uchun 120,15 mlrd so‘m taklif etgan bo‘lib, bu boshlang‘ich 57,21 mlrd so‘m narxdan 2,1 baravar yuqori narxdir.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Balcomuz” 2020-yilning yanvar oyida tashkil etilgan. Kompaniya restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlari bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, ustav kapitali — 4,07 mlrd so‘m. Kompaniyadagi asosiy ulush (60%) Yaponiyaning “Balcom Company LTD"ga, 20%i Nuriddinov Avazbek Shokirjon o‘g‘li hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, ta’sischilar Akramov Bobur Axatovich hamda Xoshimov Anvar Olim o‘g‘lining har biri 10%dan ulushdor hisoblanadi.

toshkent shahri, parkovka, auksion, Balcomuz, pulli parkovka

“Balcomuz” saytida ta’kidlanishicha, kompaniyaga 2019-yilda “Balcom” tomonidan asos solingan. Uning missiyasi mamlakatda innovatsion va barqaror o‘sishga yo‘l ochuvchi madaniyatlararo biznes imkoniyatlarini yaratish va rivojlantirishdan iborat ekanligi qayd etiladi.

Kompaniya Toshkentdagi “Central Park”, Namangandagi “Flamingo” restoranini boshqaradi, shuningdek, IT-biznes (Balcomsoft), savdo, qurilish va konsalting bilan shug‘ullanadi.

Toshkentda pulli “parkovka"lar

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov oktabr oyida Toshkent shahrida 80 mingdan ortiq pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan, pulli “parkovka"lar bosqichma bosqich joriy etilishi belgilandi. Xususan, birinchi bosqichda kelasi yilning 15-martigacha 14 mingga yaqin avtoturargoh o‘rni yaratilishi kerak.

Ikkinchi bosqich 1-iyunigacha amalga oshirilib, uning doirasida jami 70 mingta “parkovka” tashkil etiladi. Yakuniy bosqichda esa, ularning soni 84 mingtaga yetkazilib, bu ishlarni 2025-yilning avgust oyi oxiri bilan yakunlanadi.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Ulardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori tarif zonasidan kelib chiqib, soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunga quyidagi ko‘chalarning qismlari kiradi:

  • poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
  • Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘panata, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
  • Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
  • Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
  • Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
  • Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
  • Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).

Ijara muddati 3 yilni tashkil qiladi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida $5 mln sarmoya kiritishi kerak.

Avvalroq Toshkentda avtobus bekatlarini tashkil etish bo‘yicha auksion o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. G‘oliblarga bekatlarda LED-ekranlarni o‘rnatish, tijorat binolari yoki qo‘shimcha inshootlarni qurish taqiqlanadi.