“Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish kengayayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof-muhit ifloslanishiga olib kelayotganini ko‘rsatgan. Bu esa o‘z navbatida, aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib, qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketayotgani ta’kidlandi.

Madaniy hordiq maskanlari va hududlarning huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmagan. Ular joylashgan yerlarni xususiylashtirish, hududda bino-inshoot qurilishini ta’qiqlovchi qat’iy normalar mavjud emas.

Qonun loyihasi bilan madaniy hordiq maskanlari, ularning yerlarini va bino-inshootlarni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, bino qurish (yengil turdagi obyektlar bundan mustasno) yoki qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi. “Botanika bog‘lari” esa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilmoqda. Bunday bog‘lari va ularning yerlarini ham begonalashtirish, hududida binolar qurish, qurilish osti maydonlarini kengaytirish ta’qiqlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida saylov kampaniyasi davrida ilgari surilgan “Adolat” SDPning istirohat bog‘lari, sayilgoh hamda xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasini ma’qullagandi.