2025-yildan Toshkent shahrining jamoat transportida (avtobus va metropoliten) yo‘lkira haqining cheklangan tariflarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha poytaxt hokimining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Bunda bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘mni tashkil etadi. Agar bir martalik to‘lov elektron amalga oshirilsa, 1 700 so‘m yechiladi.
Bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun 4 ming so‘m undiriladi. Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif esa 1 600 so‘mni tashkil etadi.
Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va ular orqali bir soat ichida bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tishda, qatnov soni asosidagi imtiyozli va bepul tariflarning narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va to‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi.
Elektron to‘lovlarni amalga oshirishda kunlik va oylik tariflarga qo‘shimcha ravishda qatnovlar sonidan kelib chiqib, ko‘p martali tarif rejalari ishlab chiqiladi. Tarif rejalarini quyidagicha belgilash rejalashtirilmoqda:
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 10-dekabrgacha qabul qilinadi.
Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalari haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov oktabr oyida ma’lum qilgandi. Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatiladi.