O‘zbekistonda “Gazprombank"ning “UnionPay” kartalari ishlamay qoldi. Bu haqda “TASS” nashri xabar berdi.

O‘tgan hafta AQSh Moliya vazirligi “Gazprombank” va yana 50dan ortiq Rossiya banklarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Axborot agentligining o‘z muxbiriga tayanib yozishicha, juma kuni bankomatlarda Rossiya bankining “UnionPay” kartalaridan naqd pul yechib olish hamda do‘konlarda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan mahalliy banklar bunday kartalarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan.

Markaziy bank matbuot xizmatining “Spot"ga aniqlik kiritishicha, “Gazprombank"ning “UnionPay” kartalarini bloklash regulyator yoki mahalliy banklar tomonidan emas, balki bevosita to‘lov tizimining o‘zi tomonidan amalga oshirilgan.

Shuningdek, “Spot” bir nechta moliya tashkilotlariga izoh so‘rab murojaat qilgandi, ammo tezkor javob ololmadi.

2022-yildan beri gaz uchun rublda hisob-kitoblarni amalga oshirib kelayotgan “Gazprombank” ilk bor Amerika tomonidan qat’iy cheklovlarga uchradi. Ilgari sanksiyalar ro‘yxatiga faqat bankning top-menejerlari kiritilgan edi va bu uning asosiy faoliyatiga daxl qilmasdi.

“Gazprombank” mijozlarini 21-noyabrdan boshlab xorijdagi “UnionPay” kartalari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Bunday hollarda bank naqd pullardan foydalanishni tavsiya qilgan.

Avvalroq “Spot” Xitoy Eksimbanki Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochgani haqida xabar bergandi.