“Yandex Uzbekistan” “Lavka” tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Xizmat yordamida “Yandex Go” ilovasi orqali oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar va tayyor ovqatlarga buyurtma berish mumkin.
Hozirda buyurtmalar Nukus, Arnasoy ko‘chalari va Chilonzor massivida joylashgan uchta darkstor orqali yetkazib beriladi. Ularning har biri esa darkkitchenlarga ega. 2025-yil oxirigacha poytaxtda yana 12ta darkstor ochish rejalashtirilgan.
Bunda xaridorlarga 3 mingdan ortiq mahsulot va 50ta tayyor issiq ovqatlardan iborat tanlov taqdim etiladi. Masalan, hozir bir necha turdagi xot-doglar, burgerlar va issiq zakuskalar taklif qilinmoqda, shuningdek, ponchiklar, milksheyklar va issiq qahva ham sotib olish mumkin.
Kuryerlar buyurtmalarni piyoda, velosipedda (jumladan, elektr velosipedlarda) yoki avtomobilda yetkazib berishadi. Ular baxtsiz hodisalardan sug‘urtalangan.
“Xizmatning ish boshlashi bilan 160dan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, yangi omborlar ochilishi bilan esa yana 500dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Har bir darkstorda dam olish zonasi ham mavjud”, — dedi “Yandex Uzbekistan” rahbari Izzat Shukurov.
Xizmatdagi mahsulotlarning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari tashkil etadi hamda bu oshirib boriladi. Shu bilan birga, mahsulotlar hamda buyurtma bajarilishining har bir bosqichida texnologiyalar sifat nazoratini ta’minlaydi.
Shuningdek, sabzavot va mevalar yetkazib berish xizmati yangi savdo kanallarini taqdim etish orqali yetkazib beruvchilarning biznesini kengaytirishga yordam berishi qayd etilmoqda.
Yangi foydalanuvchilar uchun “Yandex Lavka"da birinchi buyurtmaga chegirma taqdim etiladi hamda dastlabki uchta buyurtma bepul yetkazib beriladi.
“Yandex” kompaniyasining O‘zbekistonda mazkur xizmatni ishga tushirish rejasi joriy yilning avgust oyida ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgandi.