Bektosh Hatamov Samarqandda tavallud topgan. O‘z faoliyatini 2006-yilda repetitorlikdan boshlagan tadbirkor “Profi” xususiy ta’lim muassasalari (“Profi Education”, “Profi School”, “Profi University” hamda “New Era Kids”) tarmog‘iga asos solgan.

Kitob mutolaasi tadbirkorning bolalikdan hobbisi hisoblanadi — har kuni kamida 20−30 varaq kitob o‘qigan. Hatamov kitob o‘qish tadbirkorlik faoliyatida ham, shaxsiy hayotda ham muhim ahamiyat ega ekanligini ta’kdilaydi.

“Kitob o‘qishdan oldin uni tanlayman, bu jarayonning o‘zi esa qiziq. Oldin internetdan izlab, kitobni o‘qigan insonlar u haqida qanday fikrlar qoldirganliklariga e’tibor qarataman, chunki menga keraksiz yoki qiziq bo‘lmagan asar uchun vaqt sarflashni xohlamayman” — deydi u.

Bektosh Hatamov muvaffaqiyatga erishish, biznesni boshqarish va yaxshi odatlarni shakllantirishga yordam beradigan kitoblari haqidagi firklarini “Spot” bilan bo‘lishdi.


“Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi”, Yuval Noy Xarari

Bu kitob o‘z nomidan ma’lum bo‘lganidek, insoniyatning qisqacha tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, insoniyatning 2,5 mln yil davomida qanday rivojlangani va bugungi zamonga qanday yetib kelgani o‘rganilgan. Mutolaa davomida kitobxon fikr-u hayolida “Nega?” degan savol aylanadi.

Xarari asarda biologiya, antropologiya, tarix va psixologiya fanlaridan foydalanib, insoniyatning qanday evolyutsion jarayonlardan o‘tganini va qanday omillar odamlarni boshqalardan ajratib turishini tadqiq qiladi.

Bundan tashqari, muallif murakkab savollarni, jumladan, kelajakda texnologik taraqqiyot va genetika yordamida insoniyatni qanday o‘zgarishlar kutayotganiga oid savollarni ham o‘rtaga tashlagan.

Kitobni istalgan odam o‘qishi mumkin, biroq uning mag‘zini chaqib, tafakkur qilish biroz mushkul nazarimda. Asar dunyoqarashni kengaytiradi, insoniyat tarixidagi muvaffaqiyat va xatolarni chuqurroq anglashga yordam beradi. Bu orqali o‘quvchi o‘z hayoti va jamiyat rivoji uchun foydali bo‘lgan xulosalarni chiqara olishi mumkin.

bektosh hatamov, kitoblar tavsiyasi, profi


“Odatning kuchi”, Charlz Dyuhig

Kitob qanday qilib yomon odatlar girdobidan chiqib ketish va yaxshi odatlarni shakllantirish to‘g‘risida. Xususan, odatlarning qanday paydo bo‘lishi, ularni boshqarish orqali qanday muvaffaqiyatga erishish mumkinligi va kollektiv odatlarning jamiyatga ta’siri, shuningdek, ularni o‘zgartirish yo‘llari yoritilgan.

Har qanday odatning asosi uch bosqichli jarayon: turtki, harakat va mukofotdan iborat. Bu jarayonni tushunib yetish orqali zararli odatlarni foydali odatlarga aylantirish mumkin, deyiladi kitobda.

Muallif hayot, sport va biznes sohasidan olingan misollar yordamida odatlarning muvaffaqiyatga qanday ta’sir qilishini ko‘rsatib beradi. Unda hayot sifatini yaxshilash uchun sodda va samarali maslahatlar ham taqdim etilgan.

Kitobning asosiy xulosasi shuki, “O‘zgartiriladigan odatlar — o‘zgaradigan hayotning kalitidir”. Ya’ni, inson o‘z odatlarini o‘zgartirish orqali hayotini va faoliyatini yaxshilashi mumkin.

Birgina odatni o‘zgarishi butun hayotni o‘zgarishi bo‘lishi mumkin, bu so‘zga aynan shu kitobni o‘qiganimda yana bir bor amin bo‘lganman. Shu sabab ham kitob har bir odamga o‘z maqsadlariga erishishda foydali bo‘lishi mumkin.


“Sistemologiya”, Devid Jenins

Kitob biznes tizimlarini yaratish, jarayonlarni samarali boshqarish va tashkilot ichidagi muammolarni hal qilish usullari haqida bo‘lib, bu orqali barqarorlikka erishish, vaqt va resurslarni tejash imkoniyatini beradi.

Jenins biznes jarayonlarini tahlil qilish, ularni soddalashtirish va tizimga solish bo‘yicha qadam-baqadam yondashuvni tushuntiradi. Bu jarayon xodimlarni o‘rgatish va ular o‘zlariga topshirilgan vazifalarni aniq bajarishlariga yordam beradi.

Kitob muallif tomonidan ishlab chiqilgan “Sistemologiya” usulini tushuntirib, u yetti bosqichli jarayon orqali tizimlarni aniqlash, yaratish va amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Jenins yondashuvi, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun foydali bo‘lib, ularga oddiy va samarali tizimlarni yaratishni o‘rgatadi. U tartib o‘rnatishga, xaosni kamaytirishga va muhim xodimlarga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi.

O‘quvchilar kundalik ishlarni avtomatlashtirish, boshqaruvni yaxshilash hamda o‘sish va rivojlanish uchun vaqtni qanday ajratishni o‘rganadilar.

bektosh hatamov, kitoblar tavsiyasi, profi


“Hokimiyatning 48 qoidasi”, Robert Grin

Tavsiya qilmoqchi bo‘lgan to‘rtinchi kitobim hokimiyat, strategiya va insonlararo munosabatlar haqidagi universal tushunchalarni o‘rganishga qaratilgan. Unda qadimgi tarix, falsafa va zamonaviy hayotdan olingan hikoyalar va misollarga asoslangan holda hokimiyatga erishish va uni saqlab qolish usullarini o‘rgatiladi.

48ta qoidaning har biri tarix, siyosat va mashhur shaxslar hayotidan olingan misollar bilan yoritilgan. Kitob o‘quvchiga muvaffaqiyatga erishish, xatolardan saqlanish va o‘zgalarning ta’siridan himoyalanishni o‘rgatadi.

“Hokimiyatning 48 qoidasi” yetakchilar, strateglar va insonlararo munosabatlarni yaxshiroq tushunishni va har qanday sohada o‘z mavqeini mustahkamlashni istaganlar uchun foydali bo‘ladi.


“Hech qachon taslim bo‘lmang”, Donald Tramp

Eng so‘ngi o‘qilishi lozim deb bilgan kitobim bu Donald Trampning “Hech qachon taslim bo‘lma” kitobi.

Kitobda Tramp qanday qilib hayotda qiyinchiliklarga duch kelgan paytida motivatsiya topgani, qat’iyat bilan oldinga intilgani va o‘ziga ishongan holda harakat qilgani haqida maslahatlar bor.

Asarda har qanday qiyin vaziyatdan yangi imkoniyatlarni yaratish uchun foydalanish, muammolarni yengib o‘tish uchun qat’iyatli bo‘lish, risklarni boshqarish va shaxsiy yutuqlarga erishish uchun doimiy o‘rganish va o‘z ustida ishlash to‘g‘risidagi fikrlari bilan bo‘lishgan.

Shu bilan birga, muallif kuchli irodaga ega bo‘lish va taslim bo‘lmaslik kerakligini uqtiradi. Asar to‘siqlarga qaramay o‘z maqsadlariga erishish uchun ishonch, qat’iyat va qobiliyatni rivojlantirishni istaganlar uchun foydali bo‘ladi.

bektosh hatamov, kitoblar tavsiyasi, profi