25-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament majlisidagi nutqida aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifa ekanini ta’kidlagandi.
Taqdimotda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali ta’minlash borasidagi rejalar bilan tanishtirdi.
Kelgusi yil 4,8 mln gektarda ekinlar yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 mln gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.
Xususan, aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Unda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi keltirilgan bo‘ladi.
800 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun ajratilgan 260 ming gektar yer va tomorqalardan unumli foydalanish, ilmiy va amaliy ko‘maklashish zarurligi, bundan tashqari, tumanlarning o‘zi qishloq xo‘jaligiga grant va texnik ko‘maklar jalb etishi, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashi talab etilishi ta’kidlandi.
Davlat rahbari xorijiy tajribani o‘rganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. O‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgandi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘ldi.
Prezidentning ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha bergan topshirig‘i asosida xorijiy mutaxassislar bilan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlashi kutilmoqda.
Taqdimotda paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi. Davlat rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini o‘rganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, yangi paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan bog‘lar atrofi hamda dala chetlarida odamlarga manfaat keltiruvchi ekinlar yetishtirish mumkinligi aytildi.
Avvalroq 2025-yildan kultivatorlar, sim va troslar, tuproqqa ishlov beruvchi frezalar hamda pluglarni olib kirishda QQS va bojlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinadi. Shuningdek, fermerlar davlat buyurtmasi bo‘yicha mahsulot yetkazib berish majburiyatidan ozod qilinadi.