Avvalroq Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda yer, suv va oziq-ovqat balansi asosida dehqonchilikni tashkil etish bo‘yicha bergan topshiriqlariga to‘xtaldi.
“Eng muhimi, prezidentimiz oziq-ovqat balansini aniq ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdilar. 10 turdagi asosiy mahsulotlar, jumladan, kartoshka, piyoz, guruch, o‘simlik yog‘i, go‘sht, parranda go‘shti, sut va tuxumni qanday ta’minlash, ichki iste’molimizga oid [rejalarimizni] ko‘rsatdik. Yetmayotgan qismlarni qanday qoplash bo‘yicha rejalarimizni gapirib berdik”, — dedi vazir.
Xususan, kartoshka ekish maydonini 16 ming gektarga kengaytirish orqali 166 ming gektar yerda kartoshka ekiladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, 5 ming gektarda qo‘shimcha mahsulot ekish topshirildi.
Yildan yilga sholiga bo‘lgan talab ortmoqda, suv resurslari kamaymoqda, ammo guruchga nisbatan ehtiyoj joriy yilda 34 ming tonnani tashkil etmoqda. Prezident sholi ekinlari maydonlarini kengaytirish hamda hosildorlikni oshirishni topshirdi.
“Hozirda o‘rtacha hosildorlik 47 sentnerni tashkil etadi, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3 sentnerga ko‘paytirib, 50 sentnerga yetkazganmiz. Lekin keyingi yili hosildorlikni gektariga 66 sentnerga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu bo‘yicha Filippin va Shinjon tajribasini o‘rganiladi”, — dedi Abdurahmonov.
Vazir o‘simlik yog‘iga talab yuqori ekanligini ta’kidlab, 260 ming gektar maydonga moyli ekinlarni joylashtirish bo‘yicha alohida topshiriq berilganini qayd etdi. Yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan kungaboqarning yangi urug‘chiligini tashkil etish borasida mablag‘ ajratilib, yo‘nalishlari belgilandi.
Bundan tashqari, parrandachilikda Vengriya va Belarus bilan yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Sohaga investitsiya kiritish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Joriy yil o‘rtalarida davlat rahbari Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh qo‘y olib kelib, yaylovlarga joylashtirishni topshirig‘ini bergandi. Majlisda buning natijadorligi va uni kengaytirish borasida yetishmayotgan sohalardagi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi.
“Umuman, prezidentimiz ilmni, yangi texnologiyalarni ekinlarga olib kirish bo‘yicha topshiriq berib, bularni xalq o‘z xonadonida sezishlari kerakligini ta’kdiladi. Ya’ni, xonadonlardagi tomorqalarda xonadonbay ilmiy grantlar berib, mahalliy navlarni ko‘paytirish, aholi daromadini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi”, — dedi u.
Shuningdek, vazir oziq-ovqat zaxirasi borasida bir hududda bir mahsulot yetishmasa, ularning o‘rnini ikkinchi hududdagi mahsulot bilan qoplash bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish topshirilganini ham qayd etdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari viloyatlar o‘rtasida oziq-ovqat taqchilligini o‘zaro qoplash bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha Prezident topshirig‘ini ham e’lon qildi.
Ekinlarni joylashtirish borasida joriy yilda 218 ming gektar yerni qo‘shimcha o‘zlashtirish orqali qishloq xo‘jaligiga kiritish topshirilgan. Hozirda shundan 166 ming gektar yer o‘zlashtirilgan. Taqdimotda 4,8 mln gektar yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13 ming gektar yerga ko‘p.
Avvalroq O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Fermerlar davlat buyurtmasi bo‘yicha mahsulot yetkazib berish majburiyatidan ozod qilinadi.